Argentina o‘rtoqlik uchrashuvida g‘alaba qozondi
Sport
−
12:08 1577 1 daqiqa
Bugun, 10 iyun kuni Argentina va Islandiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Unda argentinaliklar 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv AQSHning Obern shahridagi “Jordan-Xeyr” stadionida bo‘lib o‘tdi. Bellashuvni amerikalik hakam Rosendo Mendosa boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi.
Dastlab o‘yinning 8-daqiqasida Valentin Barko hisobni ochdi. 72-daqiqada Lionel Messi penaltidan gol urgan bo‘lsa, 87-daqiqada Tiago Almada raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. Shu tariqa, amaldagi jahon chempionlari mundial oldidan o‘tkazilgan ikkinchi uchrashuvda ham g‘alaba qozondi. Argentinaliklar bungacha joriy yilning 7 iyun kuni Gondurasni 2:0 hisobida taslim qilgandi.
Argentina terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida “J” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi. Islandiya esa mundialga yo‘llanma qo‘lga kirita olmagan.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati joriy yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi.
Live
Barchasi