Islom olami Isroil rejalarini barbod qila oladi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Isroil Yaqin Sharq mintaqasida beqarorlik hududini kengaytirishga harakat qilmoqda. Bu haqda kecha, 15 sentyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Dohada bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Arab davlatlari ligasi (ADL)ning qo‘shma sammitida so‘z ochdi.

“2023 yilning 7 oktyabridan beri Isroilning G‘azoda amalga oshirayotgan genotsidi munosabati bilan biz Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasining favqulodda sammitlarini o‘tkazdik. Bu sammitlarda biz butun dunyoga Isroilning kuchayib borayotgan tajovuzi mintaqamizda shoshilinch to‘xtatilishi kerak bo‘lgan tahdid ekanini bayon etdik. Biz ko‘p bor ta’kidlaganmizki, terror bilan quvvatlanadigan bu buzuq tafakkur xalqaro barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solmoqda”, dedi u.

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Isroil Falastindan so‘ng Livan, Yaman, Eron va Suriyaga ham hujum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Tunis qirg‘oqlari yaqinidagi fuqaro kemalariga ham nishonga olgan, saylangan siyosatchilar va davlat arboblariga suiqasdlar uyushtirgan. Endi esa u vositachi Qatarga hujum qildi.

“So‘nggi hujum Isroil bosqinchiligini yangi bosqichga ko‘tardi. Shu munosabat bilan, men bugungi Dohadagi sammitni juda muhim va ahamiyatli deb hisoblayman. Jahon hamjamiyati bu uchrashuvni islom olamining Qatarga bergan mutlaq qo‘llab-quvvatlovi sifatida ko‘rishi kerak. Bugun qabul qiladigan qarorlarimiz samimiy his-tuyg‘ularimizni yozma ravishda yana bir bor dunyoga yetkazishiga ishonaman”, dedi u.

Erdo‘g‘an Qatar Amiri shayx Tamimning dono va qat’iy rahbarligi ostida yuzaga kelgan inqirozga munosib tarzda javob berayotganini qoniqish bilan qayd etdi: 

“Yana bir bor ta’kidlaymanki, Turkiya do‘sti va ittifoqdoshi Qatarni har doim qo‘llab-quvvatlaydi”.

“Islom olami Isroilning ekspansionistik rejalarini barbod qila oladi”

“Shubhasiz, Netanyaxu hukumatining asosiy maqsadi – bir tomondan Falastinda ommaviy qatl va genotsidni davom ettirish, ikkinchi tomondan butun mintaqani betartiblikka tortish”, dedi Erdo‘g‘an.

Prezidentning ta’kidlashicha, mintaqa “terrorga asoslangan, tartibsizlik va qondan quvvat oladigan mafkura hamda uni amalga oshirayotgan davlat” bilan duch kelyapti. 

“Bu mafkura BMT Nizomini ochiqdan-ochiq buzmoqda va xalqaro huquq hamda qoidalarga asoslangan tizimga chaqiriq tashlamoqda. Jazosiz qolgani sababli mavjud bo‘lib turibdi. So‘nggi paytlarda ayrim isroillik siyosatchilar “Katta Isroil” haqidagi axmoqona da’volarni ko‘p takrorlamoqda. Isroilning qo‘shni davlatlarni bosib olishga urinishlari ana shu maqsadning ochiq ko‘rinishidir. Islom olamida Isroilning ekspansionistik rejalarini barbod qilish uchun yetarli aql-zakovat va imkoniyat mavjud”, dedi Erdo‘g‘an.

“Isroilni qo‘llab-quvvatlaganlar ham majbur bo‘ldi”

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Netanyaxuning ommaviy qatliomlar to‘ri endi uning tarafdorlariga ham qimmatga tushmoqda.

“Qatarga qilingan beparvo hujumlarga javoban Isroilni shartsiz qo‘llab-quvvatlab kelganlar ham reaksiya bildirishga majbur bo‘ldi. Ayrim davlatlarning Falastinni davlat sifatida tan olish niyatini e’lon qilishi, shubhasiz, ijobiy qadamdir. Biroq bu qadamlar kuchli sanksiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanmasa, amalga oshishi qiyin bo‘ladi. Biz Isroilga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish uchun diplomatik harakatlarni kuchaytirishimiz va xalqaro huquq mexanizmlaridan foydalanib, isroillik rahbarlarni sud oldida javob berishga majbur qilishimiz kerak”, dedi Turkiya Prezidenti.

 “Isroilga iqtisodiy bosim zarur”

“Biz yaxshi bilamizki, Isroil kuchli reaksiya va sanksiyalarsiz yaqin muddatda to‘xtamaydi, aksincha o‘zining bosqinchilik va beqarorlik siyosatini tezlashtiradi”, dedi Erdo‘g‘an.

Uning ta’kidlashicha, bunga to‘sqinlik qiladigan imkoniyatlar mavjud. Endi ayrim sohalarda o‘z-o‘zini ta’minlashga erishish shart. Bu, avvalo, mudofaa sanoati va rivojlanish sohalariga taalluqli. Erdo‘g‘an kelgusi o‘n yilliklarda yutuqqa erishish uchun bu sohalardagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini aytdi.

Prezident Isroilga iqtisodiy bosim o‘tkazishni ham chaqirdi: 

“Avvalgi tajribalar bunday qadamlar samara berganini ko‘rsatadi. Turkiya bir yarim yildan beri Isroil bilan barcha savdo operatsiyalarini to‘xtatgan. Shunday qilib, biz yiliga 9,5 milliard dollardan voz kechdik”.

Konkret qadamlar va mexanizmlar

Erdo‘g‘an Isroilga qarshi Xalqaro sudda qo‘zg‘atilgan genotsid ishini qo‘llab-quvvatlash juda muhimligini ta’kidladi.

“Mintaqada xavfsizlikni ta’minlaydigan aniq qadamlar va mexanizmlarni hamkorlikda amalga oshirishimiz lozim. Bu jihatdan Islom hamkorlik tashkiloti imkoniyatlariga ishonaman. Biz 1967 yilgi chegaralar asosida sharqiy Quddus poytaxtiga ega, hududiy yaxlit Falastin davlati tuzilmagunicha qat’iyat bilan kurashni davom ettiramiz.

Bu ulug‘vor ishda deportatsiyani ham, genotsidni ham, bo‘linishni ham qabul qila olmaymiz. Sammit va qabul qiladigan qarorlarimiz Isroil tahdidini to‘xtatishga qaratilgan qo‘shimcha choralar ko‘rilishiga xizmat qiladi va natijalarimiz to‘liq amalga oshishiga umid qilaman”, deya xulosa qildi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Qatar Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing