“Ishonmagin do‘stingga…” Tramp Zelenskiyning o‘rniga boshqa rahbar saylash kerakligini aytdi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rniga yangi rahbar saylash vaqti kelganini aytdi. U Zelenskiyni Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish orqali jahon bozorida dizel yonilg‘isi ta’minotiga zarar yetkazayotganlikda aybladi. Bu bayonot Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan dizel yonilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib yangradi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Tramp kecha, 10 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Ukraina rahbariyatini keskin tanqid qilgan. Uning aytishicha, Zelenskiy urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyatiga ega bo‘lgan, biroq bundan foydalanmagan.

“Menimcha, Ukraina uchun yangi Prezident saylash vaqti keldi”, degan Tramp.

U Zelenskiyni Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish orqali jahon bozorida dizel yonilg‘isi ta’minotiga muammo tug‘dirayotganlikda ayblagan. Trampning ta’kidlashicha, Rossiya dunyodagi dizel yonilg‘isi ta’minotining katta qismini ta’minlaydi. Shu sababli Ukrainadagi hujumlar yonilg‘i yetkazib berishga, jumladan, AQSHdagi fermerlar va chorvadorlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

“Men unga: “Xohlaganingni qil. Faqat neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berma. Nishonlar yetarli. Zavodlarga hujum qilma“, dedim. Lekin u borib, yana zarba berdi. U buni bas qilgani ma’qul”, degan AQSH Prezidenti.

Tramp Zelenskiy o‘rniga keladigan yangi rahbar Rossiya bilan kelishuvga erisha olishi kerakligini ta’kidlagan.

“Menimcha, ular kelishuvga erisha oladigan yangi rahbar saylashlari kerak. Chunki u ko‘plab kelishuvlarga erishishi mumkin edi, ammo negadir buni hech qachon qilmaydi”, degan u.

Zelenskiy esa Trampning Rossiya bilan dizel yonilg‘isi bo‘yicha kelishuvini tanqid qilgan. Uning fikricha, sanksiyalarning yumshatilishi Rossiyani urushni davom ettirishga undashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya hukumati kecha, 10 oktyabr kuni dizel yonilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiq qisman bekor qilinganini ma’lum qilgan edi. Trampning Putin bilan kelishuvi ham aynan dizel yonilg‘isi yetkazib berish va unga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish bilan bog‘liq. Shuningdek, Zelenskiy ushbu kelishuvni keskin qoralab, “ochiq zaiflik belgisi” deb atagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing