Ishni siyosiylashtirmang – Rabbimov nega hibsga olinganini aytib berdi

Jamiyat

image

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan voqea va jarima jazosi yuzasidan izoh berdi.

“Assalomu alaykum qadrli do‘stlar, meni taqdirimga befarq bo‘lmaganingiz uchun – barchangizga raxmat. Xozir uydaman. Hammasi yaxshi”, deydi siyosatshunos ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan postida.

U ma’muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan voqea qachon va qayerda bo‘lganini aytib, shunday degan:

“17 aprel, kechki soat 19:00 lar atrofida “Chorsu” bozori yonida reyd bo‘layotganda, qonun ustuvorligini shaxsiy talqinimda o‘lchab, ushbu vaziyatga aralashgan edim. Lekin, men IIV xodimlarining ishlariga aralashganim xato ekanligini tushunaman. Menga nisbatan, qonun moddalariga ko‘ra, jarimalar belgilangan, men ularni o‘z vaqtida to‘lash niyatidaman”.

Rabbimov voqea tafsilotlarini keyiroq ochiqlashini aytib, o‘zidan ham xato o‘tganini, shuning uchun holatni siyosiylashtirmaslikni so‘ragan.

“Qolgan tafsilotlarini keyinchalik bildirishga harakat qilaman. Iltimos, bu ishni siyosiylashtirmasliklaringizni so‘rayman. Bu yerda men tomonimdan yo‘l qo‘yilgan xatolar mavjud edi. Hammaga kattadan-katta raxmat”, deydi siyosatshunos.

Eslatib o‘tamiz, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov 17 aprel kuni soat 15:00 atrofida Toshkentdagi uyidan chiqib ketgancha qaytib kelmagan. 18 aprel kuni soat 19:00 atrofida jamoatchilik orasida uning dom-daraksiz ketgani shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay, Rabbimov jurnalist Ilyos Safarov bilan bog‘lanib, “Panelniy”ga olib kelingani va 15 sutkaga qamalayotganini aytgan.

Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. U shunday deb yozdi:

“Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani “Chaqar” mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida, fuqaro K.R. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmagan.

Holat yuzasidan fuqaro K.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bilan materiallar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan”.

Oradan ko‘p o‘tmay Toshkent shahar sudlari bayonot chiqdi. Idora tuman sudi qarori bilan Rabbimovga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganini bildirdi. Ammo siyosatchi tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 18 apreldagi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining K.Rabbimovga nisbatan chiqarilgan qarori o‘zgartirilgan.

Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 18 apreldagi qarori bilan K.Rabbimovga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kamoliddin Rabbimov

Baholaganlar

299

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing