Ishlamagan ham tishlaydi(mi?) Surxondaryoda hisobchilar 11 mlrddan ortiq pulni o‘zlashtirdi
Jamiyat
−
26 iyul 2023
9417Surxondaryo viloyati Denov tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlari 11,3 milliard so‘m byudjet pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Hisob palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlillarda tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ayrimlarida qariyb 3 milliard so‘mga yaqin byudjet mablag‘larining noqonuniy sarflanganligi bo‘yicha shubhali to‘lovlar aniqlangan. Shu asosda, ishchi xodimlarga 2020-2023 yillarda hisoblangan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblanishi va to‘lanishi joyiga chiqqan holda tekshirilgan.
O‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha jami 11,3 milliard so‘mlik byudjet mablag‘larini maktabgacha ta’lim bo‘limi markazlashgan buxgalteriyasining ayrim mas’ul xodimlari tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgani ma’lum bo‘lgan.
Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2022-2023 yillarda ishlamagan 141 nafar fuqarolar nomiga 4,8 milliard so‘m ish haqi hisoblanib, noqonuniy o‘zlashtirilgan. Mazkur tashkilot mas’ul xodimlari tomonidan haqiqatda ishlamaydigan yaqin qarindoshining nomiga 136,4 million so‘m hamda maktabgacha ta’lim bo‘limida uslubchi, hisobchi va santexnik lavozimlarida ishlab kelayotgan 9 nafar shaxslar nomiga 279,4 million so‘m ish haqini qo‘shib yozib, soxta to‘lov qaydnomalarini tuzish orqali noqonuniy o‘zlashtirgan.
Shuningdek, byudjet tashkilotining xarajatlar smetasida xodimlarning ish haqi to‘lovlari uchun rejalashtirilgan 529,1 million so‘m mablag‘lar xodimlarning roziligisiz, ularning ish haqlari hisobidan ushlanmagan holda gazeta va jurnallar obunasi uchun o‘tkazib yuborilgan.
“Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish hamda moliyaviy xato va kamchiliklarning kelgusida yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi va Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga ko‘rsatma yuborildi hamda o‘rganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi