ISHID jangarilari Markaziy Osiyo davlatlari chegarasiga yaqin joyda to‘plangan – Medvedev

Olam

image

Rossiya razvedka xizmatlariga ko‘ra, Afg‘onistonda, shu jumladan uning Markaziy Osiyo bilan chegaradosh viloyatlarida o‘n minglab ISHID jangarilari bor. Bu haqda RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning “Gazeta” internet-nashrida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

“Maxfiy xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mintaqada o‘n minglab ISHID jangchilari va ularning izdoshlari bor. Ularning katta qismi Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh shimoliy va sharqiy viloyatlarda to‘plangan. ISHID rahbariyati butun mintaqada o‘z ta’sirini kengaytirish rejalarini e’lon qildi”, deyiladi Medvedevning Nyu-Yorkda 11 sentyabr kuni amalga oshirilgan terrorchilik harakatlarining 20 yilligi munosabati bilan chop etilgan maqolasida.

Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Afg‘onistondagi deyarli 20 yillik operatsiyasi davomida Suriyadan Afg‘onistonga ommaviy ravishda ko‘chib o‘tgan ISHID jangarilariga qarshi turish uchun hech narsa qila olmagan. AQSHning Afg‘onistondan chiqib ketishi esa Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq va Yevropaga katta xavf tug‘dirayotgan terrorchilik tashkilotining faolligini oshirishga xizmat qilgan, xolos.

Maqolada qayd etilishicha, amerikaliklar 11 sentyabr hujumlaridan keyin AQSHning o‘sha paytdagi Prezidenti Jorj Bush e’lon qilgan asosiy maqsad – Afg‘onistonda terrorizmni yengishga erisha olmagan. 

“AQSHning ko‘plab noto‘g‘ri hisob-kitoblari tufayli, jumladan Yaqin Sharq siyosatida, terrorchilar mamlakatda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda”, deydi Medvedev.

Maqolada giyohvand moddalar ishlab chiqarish Afg‘onistonning hal qilinmagan muammolari qatoridan o‘rin olgani aytiladi. Mamlakatda giyohvand moddalar sanoatining cho‘qqiga chiqishi AQSH va NATOning Afg‘onistonda bo‘lib turgan davriga to‘g‘ri keladi. 

Qayd etilishicha, so‘nggi 20 yil ichida giyohvand moddalarini ishlab chiqarish hajmi 2001 yilga nisbatan 17 baravardan 40 baravarga oshgan. Hozirgi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan narkotik moddalarning 85 foizi Afg‘oniston hisobiga to‘g‘ri keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston IShID Markaziy Osiyo Medvedev

Baholaganlar

1280

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing