ISHID rahbarining bevasi o‘limga hukm qilindi
Olam
−
10 iyul
38128Iroq poytaxti Bag‘dod shahridagi Al-Karx tumani jinoiy sudi ISHID yetakchisi, marhum Abu Bakr al-Bag‘dodiyning Ummu Hudayfa nomi bilan tanilgan xotini Isro Rajab Sahr al-Qaisiyni o‘lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Shafaq News” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, al-Qaisiy terrorchi guruh bilan hamkorlikda va Sinjar viloyatida qo‘lga olingan qullikdagi ayollarni majburiy tarzda hibsga olganlikda aybdor deb topilgan.
2019 yilda AQSHning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp buyrug‘i bilan AQSH qo‘shinlari Suriya shimoli-g‘arbidagi al-Bag‘dodiy oila a’zolari bilan yashiringan hududga reyd o‘tkazgan. Tunnel ichiga qochgan Bag‘dodiy o‘zini va ikki farzandini portlatib yuborgan. Otishma paytida uning to‘rt xotinidan ikki nafari halok bo‘lgan.
2024 yilning fevralida Iroq adliya idoralari ISHIDning sobiq yetakchisi Abu Bakr Al-Bag‘dodiyning oilasini so‘roq qilishini e’lon qilib, ular Iroq tashqarisidan olib kelinganini ma’lum qilgandi.
Al-Bag‘dodiyning rafiqasi Asma Muhammad “Al Arabia” telekanaliga bergan intervyusida o‘zining ISHID yetakchisi bilan bo‘lgan oilaviy va shaxsiy masalalar haqida gapirib bergan. E’tiborlisi, Asma Muhammad 2018 yil iyun oyida Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Hatay viloyatida hibsga olingan. Biroq Turkiya hukumati uning hibsga olingani haqida 2019 yilning noyabrigacha rasmiy xabar bermagan. Anqara o‘shanda Al-Bag‘dodiyning bevasi va boshqa o‘n kishi, jumladan uning qizi Layla bilan birga hibsga olinganini ma’lum qildi. Turkiya rasmiylaridan biri o‘shanda u Al-Bag‘dodiyning “birinchi xotini” ekanini aytgan edi.
LiveBarchasi