Dunyo Trampning uyg‘onishini kutyapti. Urush e’lon qilinadimi?
Olam
−
08 yanvar 2020
19752AQSH hamon uyg‘ongani yo‘q. Bu orada AQSH askarlari joylashgan Iroq g‘arbidagi Ayn al-Asad harbiy-havo bazasi Eron tomonidan raketa hujumiga uchradi.
Hujum eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun o‘ch olish harakati deb ataldi. Aviabazaga 10 ga yaqin raketa uchirilgan.
Ayni vaqtda harbiy bazaga qilingan havo hujumi oqibatida 80 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Biroq, qurbonlar AQSH harbiylarimi yoki mahalliy tinch aholi, bu bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar berilganicha yo‘q. Oq uy esa raketa hujumi bo‘lganini tasdiqladi va oqibatlari haqida miq etmadi. Qurbonlar haqida ham so‘z ochmadi. Umuman, Oq uy eshiklari ortidagi vaziyat hozircha hech kimga ayon emas.
Tramp uchun bu kecha juda uzun va tahlikali bo‘ldi. U raketa zarbasidan keyin Oq uyda Mudofaa vaziri Mark Esper, Davlat kotibi Maykl Pompeo va Birlashgan shtab boshliqlari raisi Mark Milli ishtirokida tezkor yig‘ilish o‘tkazgan.
Tramp 7 yanvar oqshomida “Men ertalab bayonot beraman”, degan edi. Ayni vaqtda butun dunyo uning rasmiy bayonotini yoki Twitter orqali navbatdagi chiqishini kutmoqda.
Hozircha xalqaro siyosatdonlarda ikki ehtimol bor: Donanld Trampning Twitter’dagi vazminligiga ko‘ra, u biroz vaqt o‘tishini kutadi yoki Eronga javob qaytargudek bo‘lsa ham, bu juda jiddiy javob bo‘lmaydi.
Aslida Donald Tramp voqealarning rivojiga ko‘ra bayonot berishi kutilayotgan edi. Mutaxassislarning fikricha, yo Tramp bayonot berishdan o‘zi voz kechgan, yoki bunga ruxsat tegmagan. Ammo shunisi aniqki, AQSH Eronning har qanday zarbasiga avval boshdanoq tadorik ko‘rib qo‘ygan.
Balki, Tramp xalqaro hamjamiyatga rasmiy bayonot ham berar. Lekin, bunda u nima haqida gapiradi? Xo‘sh, AQSH Eronga nisbatan urush e’lon qiladimi?
Siyosatchilarning fikricha, Tramp bayonot bilan chiqadi, albatta. Biroq, katta ehtimol bilan biroz ortga chekinadi. U vaziyatga qaltis va keskin baho bermasdan, ichki siyosatdagi vaziyatga tayangan holda, yana AQSHning eng yirik va kuchli armiya egasi ekanini eslatadi. Buning ortidan esa an’analariga sodiq qolgan holda Eronga tahdid qilishda davom etadi Biroq, uning vaziyatni urushgacha olib borishi taxmin qilinmayapti.
Agar Donald Tramp Eronga qarshi urush ochish qarorini olsa ham, Pentagon aql bilan ish tutadi va Trampga qarshi chiqadi. Boisi Amerika xalqi urush istamayapti. Urushga moyillik faqat Prezident Tramp va uning fikran ittifoqdosh korchalonlarida mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Tramp Eronning havo hujumi haqida ijtimoiy tarmoqda shunday yozgan edi:
“Hammasi yaxshi! Iroqdagi ikkita harbiy bazaga raketalar Erondan uchirilgan. Hozir talafotlar aniqlanyapti. Hozircha hammasi joyida!”
LiveBarchasi