Iroq Turkiyadan uzr so‘rashni talab qilyapti
Olam
−
09 aprel 2023
16206Kecha, 8 aprel kuni Iroq hukumati Turkiyani mamlakat shimolidagi Sulaymoniya aeroportiga uyushtirilgan hujum uchun uzr so‘rashga chaqirib, Anqara Iroq hududidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishi kerakligini aytdi. Bu haqda Iroq Prezidenti rasmiy veb-saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z bordi.
“Turkiyaning Iroq tuprog‘ida unga dushman bo‘lgan kuchlar borligi bahonasida tinch aholini qo‘rqitishni davom ettirish uchun hech qanday qonuniy asos yo‘q. Shu munosabat bilan Turkiya hukumatini mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va rasmiy uzr so‘rashga chaqiramiz”, deyiladi bayonotda.
Mahalliy hokimiyat vakili Lavk G‘afuriyning aytishicha, 7 aprel kuni Sulaymoniya aeroporti yaqinida dron hujumi sodir bo‘lgan, ammo bundan hech qanday zarar ko‘rilmagan, kechikishlar yoki parvozlar to‘xtatilishi ham bo‘lmagan.
Turkiya Mudofaa vazirligi rasmiysi esa 7 aprel kuni Turkiya Qurolli kuchlarining bu hududda hech qanday operatsiya o‘tkazmaganini aytgan.
8 aprel kuni AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya Demokratik kuchlari (SDK/PYD) bergan bayonotda esa hujum vaqtida uning boshlig‘i Mazlum Abdi aeroportda bo‘lgani, ammo zarar ko‘rmagani ma’lum qilingan.
Turkiya Suriyadagi kurdlar boshchiligidagi kuchlarni terrorchilar va milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblasa, Qo‘shma Shtatlar SDKni ISHIDni Suriyaning keng hududlaridan haydab chiqarishga yordam bergan ittifoqchi deb biladi.
Turkiya bir necha o‘n yillar davomida Iroq va Suriya shimolida Suriya kurdlarining jangarilari, ISHID va noqonuniy Kurdiston Ishchilar partiyasi (KIP/PKK)ga qarshi havo hujumlarini o‘tkazib keladi. 1984 yildan beri Turkiya davlatiga qarshi qo‘zg‘olonga rahbarlik qilgan noqonuniy KIP Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot sifatida ko‘riladi.
Elastib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Sulaymoniyada KIP terrorchilik tashkiloti faoliyati faollashgani sababli shahar bilan havo aloqalarini uzgani ma’lum bo‘lgan edi.
LiveBarchasi