Iroqda namoyishchilar bir haftada ikki marta parlamentga bostirib kirdi
Olam
−
30 iyul 2022
7329Iroqning nufuzli shia imomi Muqtada as-Sadr tarafdorlari mamlakatning yangi bosh vaziri tayinlanishiga qarshi norozilik bildirgan holda, bugun, 30 iyul kuni hukumat idoralari va qator xorijiy elchixonalar joylashgan Bag‘dodning “Yashil hududi” deb ataladigan qismiga kirib, mamlakat parlamentini egallab oldi. Bu holat bir hafta ichida ikkinchi marta takrorlandi. Bu haqda “Associated Press” nashri xabar berdi.
“Biz bugun korrupsioner siyosatchilarni quvib chiqarish va ularning parlament majlisini o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun keldik. Biz as-Sadrning chaqirig‘iga javob berdik”, deya namoyishchilardan birining so‘zlaridan iqtibos keltirgan agentlik.
Ayni paytda, “Arab News” axborot manbasiga tayangan Iroq matbuotining xabarlariga ko‘ra, Iroq xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatishi oqibatida kamida yetti kishi jarohatlangan.
Bag‘doddagi norozilik namoyishlari o‘tgan chorshanba kuni, amaldagi bosh vazir Mustafo al-Kozimiyning zudlik bilan tarqalib ketish chaqirig‘iga qaramay, bir necha yuzlab namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirganida boshlangan.
Iroqdagi siyosiy inqiroz 2021 yil oktyabr oyidan beri davom etmoqda. Deyarli bir yil davomida mamlakat parlamenti Hukumat tarkibini shakllantira olmadi, chunki siyosiy partiyalarning hech biri hal qiluvchi ko‘pchilik ovozga ega emas. 2022 yil iyun oyida “Sadrchilar harakati” partiyasi ko‘pchilik ovoz to‘play oldi, biroq parlamentdan chiqib, muxolifatga o‘tdi.
LiveBarchasi