Iroqda namoyishchilar parlamentga bostirib kirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 27 iyul kuni Iroqda Inson huquqlari bo‘yicha sobiq vazir Muhammad al-Sudaniyning Hukumat rahbari etib tayinlanishiga qarshi chiqqan va shialar yetakchisi Muqtada as-Sadrning tarafdori bo‘lgan yuzlab odamlar Bag‘doddagi “Yashil hudud”ga bostirib kirdi va parlament binosini egallab oldi. Bu haqda voqea joyidan “Shafaq” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, namoyish vaqtida parlamentda bironta ham deputat bo‘lmagan. 

“Yashil hudud” Iroq poytaxtining alohida muhofaza qilinadigan sektori bo‘lib, u yerda hukumat binolari, xalqaro aeroport va harbiy aerodrom joylashgan. Namoyishchilar parlamentga hujum qilib, Muhammad al-Sudaniy nomzodining mamlakat Bosh vaziri lavozimiga ko‘rsatilishiga norozilik bildirgan. Chunki ular Sudaniyni Eronning odami deb hisoblaydi.

Hukumat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mustafo al-Kozimiy namoyishchilarni binoni tark etishga chaqirgan, ammo namoyishchilar uni eshitmagan va bayroqlarni ko‘tarib, qo‘shiqlar kuylagan, raqs tushgan.

RBK xabariga ko‘ra, namoyishlardan xabar topgan Muqtada as-Sadr o‘zining Twitter sahifasida namoyishchilarga murojaat qilgan.

“Ikki rakat namoz o‘qing va uyingizga sog‘-salomat qayting”, degan as-Sadr.

“Al Arabiya” telekanaliga ko‘ra, namoyishchilar parlamentdan chiqib ketgach, xavfsizlik kuchlari Bag‘doddagi hukumat va diplomatik muassasalar joylashgan “Yashil hudud”ni to‘sib qo‘yishga kirishgan hamda u yerga qo‘shimcha kuchlar yuborilgan.

Telekanal manbasining qayd etishicha, bu Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Ismoil Kaaniyning Bag‘dodga kelishi bilan bog‘liq. IIPK Eronning elita harbiy-siyosiy tuzilmasi hisoblanadi va u mamlakat tashqarisidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun javobgardir.

Iroqdagi siyosiy inqiroz 2021 yil oktyabr oyidan beri davom etmoqda. Deyarli bir yil davomida mamlakat parlamenti Hukumat tarkibini shakllantira olmadi, chunki siyosiy partiyalarning hech biri hal qiluvchi ko‘pchilik ovozga ega emas. 2022 yil iyun oyida “Sadrchilar harakati” partiyasi ko‘pchilik ovoz to‘play oldi, biroq parlamentdan chiqib, muxolifatga o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Iroq parlament namoyishchilar Muqtada as-Sadr

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing