iPhone 14 smartfoni yana bir mamlakatda ishlab chiqarilishi kutilmoqda

Texnologiya

image

Amerikaning Apple kompaniyasi Hindistonda iPhone 14 smartfonini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 23 avgust kuni “Bloomberg” agentligi xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya vakillari Hindistonda iPhone’ning yangi modelini ishlab chiqarish bo‘yicha “ta’minotchilar bilan quvvatni oshirish ustida ishlamoqda”.  

Apple uzoq vaqtdan beri o‘zining iPhone smartfonlarining ko‘p qismini Xitoyda ishlab chiqarmoqda, ammo endi u muqobil variantlarni qidirmoqda. Bunga AQSH va Xitoy hukumatlari o‘rtasidagi munosabatlarning murakkablashishi, shuningdek, mamlakatning ayrim hududlarida koronavirus bilan bog‘liq cheklov choralarining kiritilishi munosabati bilan Xitoyda iqtisodiy faoliyatning uzilish xavfi ortishi sabab bo‘ldi.

TF International Securities yetakchi tahlilchisining fikricha, yangi smartfon modelining Hindiston va Xitoydan bir vaqtning o‘zida yetkazib berilishi Apple’ga ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va zaxira quvvatlarni yaratish imkonini beradi. 

Eslatib o‘tamiz, yangi iPhone 14 smartfonlarining taqdimoti joriy yilning 7 sentyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Savdolarning boshlanishi 16 sentyabrga belgilangan. 

1976 yilda asos solingan Apple iPhone, iPad, iMac, MacBook va boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqaradi. U dunyodagi eng yirik korporatsiyalardan biridir.


Maqola muallifi

Teglar

iPhone Apple

Baholaganlar

272

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing