Iordaniya G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami jo‘natdi
Olam
−
12 Oktabr 2023
6533Iordaniya Isroil tomonidan to‘liq blokadada bo‘lgan va yirik hujumlarga uchragan G‘azo sektori aholisi uchun samolyotda insonparvarlik yordami jo‘natdi. Bu haqda “Haşimi” xayriya tashkiloti xabarida aytiladi.
“Asosan dori-darmon va tibbiy buyumlarni olib ketayotgan samolyot Iordaniya qiroli Abdulla II buyrug‘i bilan qurolli kuchlar bilan hamkorlikda G‘azoga jo‘natilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, gumanitar yuklarni yetkazib berish Misr koordinatsiyasida amalga oshirilmoqda. Samolyot avval Misrga uchadi.
Bayonotda aytilishicha, yuk G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash idoralariga Refah chegara darvozasi orqali yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Misr AQSH va boshqa davlatlar bilan o‘z chegaralari orqali G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish rejalarini muhokama qilgan, biroq anklavni tark etayotgan qochqinlar uchun xavfsiz yo‘laklar yaratish bo‘yicha har qanday qadamlardan bosh tortgandi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr