Investitsiya vazirligining viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining viloyat va tuman bo‘limlari tugatiladi. Bu haqda bugun, 18 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Videoselektorda jahonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar hisobiga iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan xomashyo va mahsulotlar narxi, ularni yetkazib berish xarajatlari beqarorligi ta’kidlangan. 

“Mahsulotlarimiz narx jihatdan raqobatbardosh bo‘lishini istasak, eng avvalo, o‘zimizdagi xomashyoni chuqur qayta ishlab, tayyor sifatli mahsulotlarni ko‘paytirishimiz shart va zarur”, degan Shavkat Mirziyoyev. 

Qayd etilishicha, ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hozirgi tizimini qayta ko‘rib chiqib, hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini Savdo-sanoat palatasiga o‘tkazish zarur.

Bildirilishicha, bu orqali loyiha qilish va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini-o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tkaziladi. Bu tadbirkorlarning talab va istaklariga quloq solish, ular bilan yaqindan hamkorlik qilib, muammolarini hal qilish maqsadida qilinmoqda.

Ta’kidlanishicha, endilikda hududlarda Investitsiya vazirligining viloyat va tuman bo‘limlarining vazifalari bilan Savdo-sanoat palatasining loyiha qiladigan va eksportga ko‘maklashadigan mutaxassislari shug‘ullanadi. Bundan tashqari, Eksport agentligi va jamg‘armasi, “O‘zbekekspertiza” tashkiloti ham Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tadi.

Ishlab chiqarish, eksport va brendlarga beriladigan grant, subsidiya va boshqa imtiyozlar palata orqali egasiga ochiq-oshkora va shaffof beriladigan tizim joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Investitsiya vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing