Interpol qidirayotgan o‘zbekistoliklar Gruziyada ushlandi
3-sahifa
−
29 dekabr 2025 8959 1 daqiqa
Gruziyaning Tbilisi shahri aeroportida mamlakat vakolatli organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol Milliy markaziy byurosi vakillariga yirik miqdordagi firibgarlik va odam savdosi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar shaxs topshirildi. Bu haqda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlarida xabar berildi.
Interpol kanallaridan samarali foydalanish natijasida qidiruvda bo‘lgan shaxslarning transchegaraviy harakatlari aniqlanib, ular Gruziya hududida qo‘lga olingan.
Keyinchalik, ko‘p qirrali ishlar va yo‘lga qo‘yilgan ikki tomonlama hamkorlik natijasida Interpolning xalqaro maydonlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar chog‘ida Toshkent va Tbilisi Milliy markaziy byurolari o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni O‘zbekiston tomoniga topshirishga kelishib olingan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qo‘llab-quvvatlashi va iltimosiga ko‘ra, tergov materiallari asosida Gruziya Adliya vazirligi tomonidan qidiruvdagi shaxslarni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi so‘rov qanoatlantirilgan va ular Toshkentga olib kelinib, Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda jinoiy xatti-harakatlar sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish uchun IIB xodimlariga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi hamda O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi o‘zaro hamkorligidagi sa’y-harakatlari natijasida og‘ir turdagi jinoyatni sodir etgan shaxs Polshada qo‘lga olingandi.