Instagram “Direct”da cheklash funksiyasini taqdim etadi
Texnologiya
−
11 avgust 2023
4011Instagram foydalanuvchilarni shaxsiy chatdagi keraksiz tasvirlar va videolardan yaxshiroq himoya qilish uchun mo‘ljallangan yangi xususiyatni ishga tushirmoqda. Bu haqda “Techcrunch” nashri ma’lum qildi.
Foydalanuvchilar ushbu yangi funksiya orqali ularga obuna bo‘lmagan odamlarning shaxsiy chatda yozish imkoniyatini cheklashi mumkin. Masalan, obuna bo‘lmagan akkauntlarning “shaxsiy”ga fotosurat, audio va videolar jo‘natish imkoniyatini bloklash yoki “faqatgina bitta xabar jo‘natish” funksiyasini yoqib qo‘yish mumkin. Bunda medialar yoki birdan ortiq xabar jo‘natmoqchi bo‘lgan odam suhbat so‘rovini yo‘llaydi va akkaunt egasi ushbu so‘rovni qabul qilgan taqdirdagina bunday imkoniyatga ega bo‘ladi.
Instagram`ning ta’kidlashicha, ushbu yangi cheklovlar bilan odamlar endi o‘zlari kuzatmaydigan foydalanuvchilardan keraksiz suratlar yoki videolarni olmaydilar va begonalar ularga qayta-qayta xabar yubora olmaydi. Yangi funksiya ayollar uchun, ayniqsa, foydali bo‘ladi. Chunki ular ko‘pincha shaxsiy chatlariga so‘roqsiz yozishlar va jo‘natiladigan medialardan aziyat chekadi.
“Biz odamlar xabarlarni ochganda ishonch va nazoratni his qilishlarini istaymiz”, dedi Meta ayollar xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Sindi Sautvort.
Bundan tashqari, Instagram`da "Cheklash" sozlamasi mavjud bo‘lib, agar akkaunt egasi foydalanuvchiga taqiq o‘rnatganidan so‘ng, u postlarda izoh qoldirsa, bu sharhlar faqat o‘sha odamga ko‘rinadi va sharhlari bilan boshqa hech kim tanisha olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, xabarlar mecsenjeri Telegram instagram'dagi kabi storislar xizmatini taqdim etdi.