Insonlar umrining uzayish davri tugadi – tadqiqot
Bu qiziq
−
02 Sentabr 13728 2 daqiqa
XX asrning birinchi yarmida qayd etilgan umr davomiyligining keskin o‘sishi kelajakda qayta takrorlanishi dargumon. Viskonsin-Medison universitetining Maks Plank demografik tadqiqotlari instituti va Fransiya demografik tadqiqotlari instituti olimlari shunday xulosaga keldi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Proceedings of the National Academy of Sciences” (PNAS) jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilar yuqori daromadli va past o‘lim ko‘rsatkichlariga ega 23 mamlakatdagi o‘lim haqidagi ma’lumotlarni o‘rgangan. Tahlilga ko‘ra, 1939 yildan keyin tug‘ilgan avlodlar o‘rtacha hisobda 100 yoshga yetmaydi. Agar XX asrning boshlarida umr davomiyligi har yangi avlodda qariyb 5,5 oyga uzaygan bo‘lsa, 1939 yildan keyin bu o‘sish atigi 2,5-3,5 oyga teng bo‘lgan.
Mualliflarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tmishdagi “hayratlanarli yutuqlar” chaqaloqlar o‘limining keskin kamayishi, tibbiyotning rivojlanishi va turmush sharoitlarining yaxshilanishi bilan bog‘liq edi. Bugungi kunda bolalar o‘limi ko‘rsatkichi dunyoda minimal darajaga tushgan, qarilik davrida umrni uzaytirish esa xuddi shunday sakrashni ta’minlay olmaydi.
Shu bilan birga, olimlar bashoratlarni yakuniy, qat’iy deb bo‘lmasligini ta’kidlagan. Inson umrining davomiyligiga yangi tibbiy texnologiyalar, ijtimoiy o‘zgarishlar yoki pandemiya kabi kutilmagan hodisalar ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar haddan tashqari issiqlik biologik qarishga sabab bo‘lishini aniqlagandi. Tadqiqotga ko‘ra, issiqlik to‘lqinlari inson tanasi uchun spirtli ichimliklarni qabul qilishdan ancha zararliroq va bu qisqa mudatda o‘lim sonining oshishiga ham olib keladi. Masalan, joriy yilda Angliyada birgina issiqlik to‘lqini paytida 600 ga yaqin erta o‘lim aniqlangan.
Live
Barchasi