Insoniyat tarixda kuzatilmagan xavfli bosqichga kirdi – Imomali Rahmon
Olam
−
23 fevral
37716Insoniyat hozirda o‘z taraqqiyotining tarixda hali kuzatilmagan xavfli bosqichiga kirdi – dunyoda qayta bo‘linish jarayonlari kuchayib, vaziyat murakkab va tahlikali tus oldi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bugun, 23 fevral kuni nishonlanadigan Tojikiston Qurolli kuchlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabriknomasida aytib o‘tdi.
“So‘nggi paytlarda dunyoda vaziyat tobora murakkab va tahlikali bo‘lib bormoqda. Dunyoda qayta bo‘linish jarayoni, tezkor qurollanish, “Sovuq urush”ning yangi bosqichi, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlar – terrorizm va ekstremizm, noqonuniy qurol savdosi, kiberjinoyatlar va transmilliy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlari kuchaymoqda. Boshqacha aytganda, insoniyat tarix eslamaydigan juda nozik va xavfli bosqichga kirdi”, deydi Prezident.
Tojikiston rahbari shunday sharoitda “jamiyatning har bir bilimdon fuqarosi, ayniqsa, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xalq hayotidagi ulug‘ qadriyat – mustaqillik va ozodlikni himoya qilish, jamiyat va davlat xavfsizligi, tinchlik, barqarorlik va milliy birlikni qo‘ldan boy bermasligi shart” ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Imomali Rahmon davlat mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.
Prezident XX asrning 90-yillarida, SSSR parchalanganidan so‘ng Tojikistonda fuqarolar urushi bo‘lganini, shu sababli Qurolli kuchlarni yaratish kechiktirilishiga to‘g‘ri kelganini, ammo “o‘sha kunlarning muammolari: og‘ir iqtisodiy va moliyaviy ahvolga qaramay”, milliy armiya deyarli noldan yaratilganini eslatib o‘tdi.
Imomali Rahmon Qurolli Kuchlarning barcha ofitser va askarlarini bayram bilan tabriklab, ularni vatan himoyasidagi mahoratini oshirishga chaqirdi, armiya va huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi qo‘mondonliklarga tarbiyaviy ishlarni sifatli olib borish masalasiga e’tibor qaratishni buyurdi.
Ma’lumot uchun, bugun, 23 fevral kuni Tojikiston Qurolli kuchlari tashkil topganiga 31 yil to‘ldi. Bu sana 1993 yilning shu kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan mustaqil Tojikistondagi ilk harbiy parad munosabati bilan tanlangan.
LiveBarchasi