Inson uchun xavfli oziq-ovqatlar ro‘yxati e’lon qilindi
Salomatlik
−
22 Oktabr
10218Kolbasa, dudlangan mol go‘shti, sosiska va shu singari qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.
JSST inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turli xastaliklar rivojlanish xavfini oshiruvchi quyidagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini e’lon qildi:
Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari
JSST xulosasiga ko‘ra, kuniga atigi 50 gramm miqdorida shunday yeguliklarni iste’mol qilish yo‘g‘on ichak saratoni rivojlanish xavfini 18 foizga oshiradi.
Transyog‘lar va margarin
JSST transyog‘larni ovqatlanish ratsionidan butunlay chiqarib tashlash tarafdori. Qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab 5 milliardga yaqin odam shunday zararli mahsulotlardan himoyalanmagan. Bu esa yurak xastaliklari va o‘lim xavfini oshiradi. Ayniqsa, margarin eng zararli yog‘lardan biri hisoblanadi.
Qovurilgan yeguliklar
Tamaddixonalarda qayta-qayta ishlatiladigan yog‘ sog‘lik uchun katta ziyon keltiradi. O‘z navbatida, qizartirib qovurilgan yeguliklar turli xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Shakar va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar
Shakarning me’yordan ko‘p miqdori jigarni zo‘riqtiradi va qator xastaliklarga chalinish ehtimolini oshiradi. Shu bois JSST tavsiyasiga ko‘ra, kunlik shakar iste’moli 25 grammdan oshmasligi kerak.
Konservalangan va qadoqlangan taomlar
Bunday yeguliklar tarkibida ularni saqlash muddatini uzaytirishga xizmat qiluvchi zararli qo‘shimchalar mavjud. Masalan, kartoshka chipslaridagi natriy glutamat organizmni xuddi chekish bilan bir xil darajada zaharlaydi.
Qolaversa, mutaxassislar tarkibida xuddi shu modda bo‘lgan ziravor bo‘laklari sog‘likda jiddiy muammolarni yuzaga keltirish ehtimoli katta ekanini aytmoqda.
LiveBarchasi