Rossiyaga aniq zarbalar uchun nishonlar ro‘yxati yangilandi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Mudofaa vazirligi va Ukraina Qurolli kuchlari rahbariyati bilan Rossiyaning havo hujumlari oqibatlari, front chizig‘idagi vaziyat hamda dengiz eksport yo‘lagi faoliyatini muhokama qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda Mixaylo Drapati, Igor Skibyuk, Yevgeniy Xmara va Pavlo Palisa hisobot bergan.

“Biz Rossiyaning ballistik raketa zarbalari taktikasi tufayli yuzaga kelayotgan muammolarni hamda bu taktikaga harbiy va diplomatik darajada qanday qarshi turish mumkinligini batafsil muhokama qildik. Shuningdek, yechimlar, texnik choralar va Ukrainaning mudofaasini kuchaytirishga xizmat qiladigan asimmetrik usullarni belgilab oldik”, degan Zelenskiy.

Shuningdek, yig‘ilishda frontdagi vaziyat, xususan, Slavyansk va Konstantinovka yo‘nalishlaridagi holat yuzasidan ham ma’lumot berilgan. Bundan tashqari, dengiz eksport yo‘lagi faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va keyingi rejalar muhokama qilingan.

Zelenskiy vaqtincha Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlarida, jumladan, Qrimdagi Rossiya kuchlari va harbiy ob’ektlariga qarshi o‘rta masofali zarbalar berish bo‘yicha operatsiyalar davom etayotganini ta’kidlagan.

“Biz aniq zarbalar beriladigan eng ustuvor nishonlar ro‘yxatini yangiladik”, degan davlat rahbari.

Bundan tashqari, Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyga mintaqadagi davlatlar harbiy rahbariyati bilan aloqa va muvofiqlashtirishni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Mudofaa vazirligi va Prezident devoni vakillaridan iborat guruhlar Yevropadagi hamkorlar bilan birgalikda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berishni jadallashtirish ustida ishlamoqda.

Shuningdek, Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi frontdagi vaziyatni aniqroq baholash, yuz berayotgan o‘zgarishlarga tezkor javob qaytarish va brigadalar imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan qator tizimli islohotlarni tayyorlayotganini bildirgan.

“Ukraina pozitsiyalarini qat’iyat bilan himoya qilayotgan va Rossiya armiyasining siyosiy rahbariyat oldiga qo‘yilgan maqsadlarga erishishiga to‘sqinlik qilayotgan barcha bo‘linmalarga minnatdorchilik bildiraman”, degan Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik bitimini AQSH Prezidenti Donald Tramp istagan joyda, jumladan, Oq uy yoki Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida imzolashga tayyorligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing