Inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlar jazolandi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyi davomida inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 33 nafar mas’ul xodim intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning hisobotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, 2025 yilning 9 oyi davomida Ombudsmanga O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 15 385 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 2 097 tasi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilganlar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachi (advokat)laridan yuborilgan.

Murojaatlarning 37 tasi belgilangan tartibda anonim, deb topilgan.

Jami murojaatlarning 27,3 foizi iqtisodiy, 24 foizi ijtimoiy, 16,4 foizi shaxsiy, 11,8 foizi murojaat etish, 3,7 foizi oila huquqlariga, 1 foizi ekologik huquqlarga, 11,9 foizi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga va 3,9 foizi boshqa masalalarga oid.

Murojaatlar hududlar kesimida aholi sonidan kelib chiqib tahlil qilinganda eng ko‘p masalalar Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri kelishi aniqlangan.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 133 ta da’vo arizasi, taqdimnoma, talabnoma, ogohlantirish va xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan va ularning aksariyati ijobiy hal etilgan.

Murojaatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 33 nafar mas’ul xodim hayfsan, jarima, lavozimidan ozod etish kabi intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachi (advokat)laridan Ombudsmanga 2025 yilning 9 oyida 2097 ta murojaat kelib tushgan. Shikoyatlarning 37 tasi yuzasidan xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlangan, shuningdek, ichki ishlar idoralarining 5 nafar xodimi intizomiy jazolangan va 1 nafari bo‘shatilgan.

Murojaatlarning 12 tasi yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning murojaat xatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan.

2025 yilning 9 oyida Ombudsman tomonidan monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan idora va vazirliklarga 15 ta taqdimnoma, 1 ta xulosa va 13 ta talabnoma shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan. Ushbu ta’sir choralari natijalariga ko‘ra, 5 nafar sog‘liqni saqlash va 12 nafar ichki ishlar xodimlariga intizomiy jazolar qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Inson huquqlari Oliy Majlis

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing