Infarktgacha bir qadam: Atamboyevning sog‘lig‘iga tashxis qo‘yildi
Olam
−
30 aprel 2021
6269Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevga infarktgacha bo‘lgan holat tashxisi qo‘yildi. Bu haqda uning advokati Zamir Jooshev ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Atamboyev aprel oyining boshlarida tekshirilgan.
Uning tashxisida yurak tomirlari kasalligi, ateroskleroz va koronar arteriyalar kalsinozi qayd etilgan.
"Shaxsiy suhbatda shifokor menga koronar arteriyalar kalsinozi bemorning infarktgacha bo‘lgan holatining dalilidir, deb tushuntirdi", degan Jooshev.
Avvalroq, Almazbek Atamboyev salomatligi yuzasidan tibbiy ekspertiza o‘tkazilishi haqida xabar bergandik.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil iyun oyida Qirg‘izistonni 2011 – 2017 yillarda boshqargan Atamboyev “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi to‘g‘risidagi ish bo‘yicha korrupsiyada aybdor deb topilgan va unga nisbatan 11 yil-u ikki oylik qamoq jazosi tayinlangandi.
Qirg‘iziston Jazoni ijro etish davlat xizmati raisi Kalibek Kachkinaliyev xuddi shu ish bo‘yicha ikki yillik qamoq jazosini oldi.
Sud, shuningdek, Atamboyevning mol-mulkini musodara qilish va uni davlat unvonlari va mukofotlaridan mahrum etish to‘g‘risida qaror chiqardi.
2020 yil noyabr oyining oxirida Qirg‘iziston Oliy sudi Atamboyevga berilgan hukmni bekor qildi va uning ishini ko‘rib chiqish uchun Bishkek shahrining Pervomay tuman sudiga yubordi.
Sobiq prezident, shuningdek 2019 yil avgust oyida Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi tartibsizliklar ishi bo‘yicha ham asosiy ayblanuvchidir.
2019 yil 7 avgust kuni huquqni muhofaza qilish idoralari Atamboyevning Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohiga bostirib kirishga ikki marta urindi. Ertasi kuni ham to‘qnashuvlar davom etdi va 3000 ga yaqin politsiyachilar ishtirokidagi maxsus operatsiya paytida Atamboyev taslim bo‘ldi. Tartibsizliklar paytida 225 kishi jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi.
2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘izistonda parlament saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilingandan keyin norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishdi. Atamboyevning tarafdorlari uni koloniyadan ozod qilishdi, ammo keyin u yana hibsga olingan.
LiveBarchasi