“Umrbod qamoq jazosi bering!” Atamboyev sud zalidan chiqishni talab qildi (video)
Olam
−
08 aprel 2022
30508Bir qator jinoyatlarda gumon qilinayotgan Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev bugun, 8 aprel kuni emotsional ravishda uni sud zalidan olib chiqishlarini talab qildi.
Siyosatchining aytishicha, sog‘lig‘i sababli unga sud jarayonida qatnashish qiyinchilik tug‘diryapti.
“Umid qilamanki, sudya meni sud zalidan chiqarib yuboradi, u bunday qila oladi. Men bu yerda uchta churra bilan o‘tiribman. Tez yordam mashinasi keladi va bu qovurg‘alararo nevralgiya ekanini aytadi. Bu xo‘rlash. Menga umrbod qamoq jazosini bering, odobsizlar, lekin qonunbuzarlikni bas qiling! Meni masxara qilishni va qiynashni to‘xtating. Meni zaldan chiqaring!”, degan Atamboyev va sudlanuvchilar xonasining oynasini ura boshlagan.
Tarafdorlari uni qo‘llab-quvvatlagan. OAVning yozishicha, shundan so‘ng sobiq davlat rahbarini sud zalidan soqchilar olib chiqib ketgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 4 aprel kuni Atamboyev sud qaroriga ko‘ra, 2020 yilning oktyabr voqealari bo‘yicha sudga majburan olib kelingan. Jarayon davomida u kasal bo‘lib qolgan va tez yordam chaqirilgan. Sud jarayoni 5 aprelga ko‘chirilgan. Ertasi kuni siyosatchi yana sudga keltirilgan. O‘sha kuni sudlanuvchining yana mazasi qochgan va uni sud zalidan olib ketishgan.
2020 yil iyun oyida sobiq prezident respublika Jinoyat kodeksining “Korrupsiya” moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u bir guruh odamlar bilan birga kriminal avtoritet Aziz Batuqayevning hibsxonalardan noqonuniy ravishda ozod etilishiga hissa qo‘shgan.
Ma’lumot uchun, 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda parlament saylovlari natijalariga rozi bo‘lmaganlarning ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng, namoyishchilar talabiga ko‘ra Almazbek Atamboyev 2019 yil avgust oyidan beri saqlanayotgan tergov izolyatoridan ozod qilingan, biroq keyinroq yana hibsga olingan. Tergovchilarga ko‘ra, janob Atamboyev sobiq bosh vazir Omurbek Babanov va boshqa amaldorlar bilan til biriktirib, hokimiyatni egallab olgan. 2021 yil sentyabr oyida unga nisbatan ayblov e’lon qilingan.
LiveBarchasi