“Xatolarimni takrorlamang”. Atamboyev Japarovga davlat boshqaruvida maslahat berdi
Olam
−
13 aprel 2023
11182Qirg‘izistonda Aprel inqilobining 13 yilligi munosabati bilan mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga yuzlanib, unga muxolifat, ommaviy axborot vositalari va tadbirkorlarga bosim o‘tkazmaslikni maslahat berdi. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.
“Davlat rahbariga bitta maslahat shuki, unga turli xil g‘ayritabiiy fitnalar haqida xabar berib, jinoiy ishlarni to‘qib chiqarayotganlarga ishonmasin. Ayniqsa, ular ommaviy axborot vositalariga, jurnalistlarga, blogerlarga va mahalliy biznesga qarshi bo‘lsa. Shuni unutmasligimiz kerakki, muxolifat har qanday demokratik davlatda taraqqiyotning ajralmas elementi hisoblanadi. Xatolarimni takrorlamang. Bu prezident va butun mamlakatga faqat soya soladi”, deb yozgan Atamboyev.
Sobiq prezident 2010 yil aprel voqealarini eslab, o‘shanda oddiy xalq dunyoga siyosatchilar va jurnalistlarni o‘ldirish, jamiyatda qo‘rquv uyg‘otish orqali o‘zlarini boshqarishlariga yo‘l qo‘ymasliklarini ko‘rsatib qo‘yganini ta’kidlagan.
2011 yil dekabrdan 2017 yil noyabrgacha prezidentlik qilgan Atamboyev o‘z faoliyati davomida erishgan yutuqlarini ham sanab o‘tgan. U o‘zining rahbarlik davrida aholi turmush darajasini, ayniqsa, qishloqlarni yuksaltirish, milliy iqtisodiyotni yaxshilash, energiya quvvatlarini oshirish, gaz ta’minoti ishonchliligini oshirish, yangi yo‘llar va maktablarni faol ta’mirlash va qurish, yangi saylov jarayoni tizimini yaratish, qator mafkuraviy dasturlar bilan shug‘illanganini ta’kidlagan.
“Mana o‘sha yillarda Qirg‘iziston birinchi marta davlat darajasida 1916 yilgi milliy fojia qurbonlari oldidagi xotira qarzini to‘lab berdi, ulug‘vor Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tashabbuskori va tashkilotchisiga aylandi”, deb eslaydi Atamboyev.
Shuningdek, u Japarov o‘z ishini yaxshi bilishini urg‘ulagan.
“Men prezident atrofidagi ba’zi odamlar Bakiyev rejimining tiklanishini, o‘tmishga qaytishni qanday istashlarini ko‘rdim. O‘shanda Sadir Japarov ularni qo‘llab-quvvatlamaganidan xursandman. Umid qilamanki, u hammasini o‘zi hal qiladi”, deb yozgan sobiq prezident.
Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi prezidentga o‘z muddatini tinchlik bilan yakunlash imkoniyatini berish to‘g‘ri bo‘ladi. Shuningdek, u Qirg‘izistonda muvaffaqiyatli davlat boshqaruvi xalqning ixtiyoriy birligi sharoitidagina yaratilishiga ishonch bildirib, buning yagona yo‘li demokratiya, hokimiyat va fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalar va mustaqil ommaviy axborot vositalarining yaqin hamkorligida ekanini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Aprel inqilobi sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatining ag‘darilishiga olib kelgan. Bishkekdagi qurolli to‘qnashuvlarda 80 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Bakiyev mamlakatni tark etgan, hokimiyat Roza Otunboyeva boshchiligidagi Muvaqqat hukumatga o‘tgan, Atamboyev uning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2011 yilgi saylovlarda Atamboyev Qirg‘iziston prezidenti etib saylangan. Keyinchalik u Konstitutsiyada belgilangan muddat tugagandan so‘ng o‘z lavozimini ixtiyoriy holda tark etadigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat rahbari bo‘lgan.
LiveBarchasi