Infantino ustidan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga shikoyat qilindi

Sport

image

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) FIFA prezidenti Janni Infantinoning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan munosabatlarida siyosiy betaraflik tamoyilini buzgani haqida rasmiy shikoyat qabul qildi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi FairSquare nodavlat tashkiloti Infantino 2020 yildan buyon XOQ a’zosi sifatida Olimpiya xartiyasi va XOQning Axloq kodeksini bir necha marta buzganini ta’kidlagan. Shikoyatda, jumladan, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun ishi ham tilga olingan.

“Janni Infantino AQSH Prezidenti Donald Trampga siyosiy qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatish orqali XOQning siyosiy betaraflik qoidalarini bir necha bor buzgan”, deyiladi FairSquare bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA Intizom qo‘mitasi AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini vaqtincha to‘xtatib, unga Jahon chempionatining 1/8 finalida Belgiyaga qarshi bahsda ishtirok etishga ruxsat bergan edi.

Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror FIFA prezidenti Janni Infantino Oq uydan qo‘ng‘iroq olganidan keyin qabul qilingan. Keyinroq Donald Tramp ham Infantinoga qo‘ng‘iroq qilganini va Balogun masalasini qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini tasdiqlagan.

XOQ Olimpiya harakatining asosiy tamoyillaridan biri sifatida siyosiy betaraflikni e’tirof etadi. Infantino esa 2020 yildan beri XOQning 100 nafardan ortiq a’zodan iborat eksklyuziv tarkibiga kiradi va tashkilotning Axloq kodeksi talablariga bo‘ysunadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing