Infantino Trampga har kuni qo‘ng‘iroq qilishini aytdi

Sport

image

FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan deyarli har kuni telefon orqali muloqot qilishini va Oq uy rahbari 2026 yilgi Jahon chempionatining yaxshi o‘tayotganidan mamnun ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Infantino Shveysariyaning “Blue News” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz Tramp bilan deyarli har kuni muntazam ravishda muloqot qilamiz. U juda xursand va turnirdan chindan ham zavq olmoqda. Barcha o‘yinlarni televizor orqali tomosha qilmoqda”, deydi FIFA rahbari.

Infantino, shuningdek, Tramp kuchaytirilgan xavfsizlik choralari sababli Jahon chempionati o‘yinlariga bormayotgani haqidagi taxminlarni ham rad etdi.

“Yo‘q, yo‘q. Menimcha, uning shunchaki boshqa ishlari bor. Agar u stadionga kelsa, odamlar: “Dunyoda shuncha voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda u stadionda nima qilyapti?” deb so‘rashardi. Men u va uning ma’muriyati bilan doimiy aloqadaman. Ular Jahon chempionatini tashkil etish bo‘yicha ajoyib ish qilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Infantino.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 iyul kuni AQSH terma jamoasi Jahon chempionatining 1/16 finalida Bosniya va Gersegovinani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning 64-daqiqasida amerikalik hujumchi Folarin Balogun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka oldi va qoidalarga ko‘ra, keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Biroq FIFA Intizom qo‘mitasi uning bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini bekor qilib, jazoni bir yillik sinov muddati bilan almashtirdi. Shu tariqa Balogun Belgiyaga qarshi 1/8 final bahsida maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Joriy yilning 5 iyul kuni Donald Tramp Balogunning chetlatilishi ortidan FIFA va Janni Infantino bilan shaxsan bog‘langanini hamda tashkilotga “jiddiy adolatsizlikni” bartaraf etgani uchun minnatdorlik bildirganini ma’lum qildi.

Shunga qaramay, Balogun maydonga tushgan uchrashuvda AQSH terma jamoasi Belgiyaga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing