Infantino FIFA prezidenti lavozimini tark etishi mumkin

Sport

image

Janni Infantino yaqin orada FIFA prezidenti lavozimini tark etishi mumkin. Bu haqda jurnalist Romen Molina o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida xabar qildi.

Manbaga ko‘ra, Infantino FIFA rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashini hamda tashkilot ustidan nazoratni yo‘qotgan. Shu bois uning iste’fosi yaqin vaqt ichida amalga oshishi mumkinligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Infantino 2027 yil 18 mart kuni Marokashda bo‘lib o‘tadigan saylovda FIFA prezidenti lavozimi uchun yana nomzodini qo‘yish niyati borligini ma’lum qilgan edi.

56 yoshli Infantino 2016 yil fevralida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari kongressda FIFA prezidenti etib saylangan. U korrupsiya mojarolari ortidan iste’foga chiqqan Zepp Blatter o‘rnini egallagan. Keyinchalik Infantino 2019 va 2023 yillarda raqobatchisiz ravishda yana FIFA prezidenti etib qayta saylangan.

Avvalroq, Infantino Jahon chempionatining tijorat huquqlaridagi ulushni xususiy investorlarga sotish rejasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. FIFA’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu loyiha orqali 4,2 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi mumkin.

Biroq, mazkur tashabbus ko‘plab futbol tashkilotlari va federatsiyalar tomonidan keskin tanqid qilindi.

Jumladan, Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) FIFA homiyligidagi musobaqalarni boykot qilishini ma’lum qilgan bo‘lib, bu qaror tashkilotning barcha 55 a’zosi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib dengizi futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) ham ushbu taklifni rad etgan. Osiyo futbol konfederatsiyasi esa FIFA’da boshqaruv islohotlarini amalga oshirishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing