Indoneziyada iPhone 16 sotish taqiqlandi
Olam
−
28 Oktabr
6110O‘tgan hafta oxirida Indoneziya hukumati mamlakatda iPhone 16 smartfonini sotishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Indoneziya hukumati bu taqiqni Apple ikki tomonlama kelishuv shartlarini buzganligi bilan izohlagan.
“Sentyabr oyida taqdim etilgan iPhone 16’ni ichki bozorda sotish mumkin emas, chunki Apple Indoneziyadagi smartfon va planshetlar uchun 40 foizlik mahalliy talablarini bajarmagan”, deyiladi Sanoat vazirligi bayonotida.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 350 milliondan ortiq faol mobil telefonlar mavjud. Bu mamlakatning 270 million aholisidan ancha ko‘p degani.
Oktyabr oyi boshida Sanoat vazirligi Apple Indoneziyaga atigi 1,5 trillion rupiya (95 million dollar) sarmoya kiritganini, bu esa o‘z majburiyatidan 1,7 trillion rupiya kamroq ekanini aytgan.
Ushbu taqiq avvalgi iPhone modellarini sotishga taalluqli emas.
Apple hali Indoneziya rasmiylarining qaroriga izoh bermadi. Kompaniyaning mahalliy smartfonlar bozoridagi asosiy raqobatchilari – Janubiy Koreyaning Samsung va Xitoyning Xiaomi kompaniyalari 2017 yilda o‘z mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha majburiyatlarini bajargani e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, Indoneziya 2020 yildan buyon chet eldan sotib olingan barcha telefonlarni hukumat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qiladi va ular katta soliqqa tortiladi. Mamlakat uzoq vaqtdan beri savdo cheklovlaridan foydalanib, xorijiy kompaniyalarni o‘z mahsulotlarini ko‘proq mahalliy ishlab chiqarishga undashda muvaffaqiyat qozongan. Hukumat bu yil ko‘plab mahsulotlarni import qilish qoidalarini kuchaytirdi, bu noutbuklar va avtomobil shinalari kabi mahsulotlarning yetishmasligiga olib keldi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Indoneziyaning davlat nazorati ostidagi neftni qayta ishlash zavodi Pertamina neft sotib olish uchun tender ro‘yxatiga Rossiya neft navlarini qo‘shgandi. Garchi Indoneziya Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalariga qo‘shilmagan bo‘lsa-da, Pertamina 2022 yilda Rossiya-Ukraina harbiy mojarosi boshlanganidan beri orqaga qadam tashlab, ancha vaqt davomida Rossiya neftini sotib olmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pertamina oxirgi marta Rossiyadan ESPO Blend va Sokol moylarini 10 yildan ko‘proq vaqt oldin sotib olgan.
Muhammad Hodiyev