Indoneziyada Google smartfonlari sotuvi ham taqiqlandi
Olam
−
01 noyabr
1894Indoneziyada sotilayotgan qurilmalarning 40 foizi mahalliy tarkibiy qismlardan ishlab chiqarilishi to‘g‘risidagi talab bajarilmagani sababli Google Pixel smartfonlari sotuvi taqiqlab qo‘yildi. Bu haqda “TechCrunch” portali xabar berdi.
Indoneziya Sanoat vazirligi Google Pixel smartfonlari sertifikat olmaguncha va ushbu talabga javob bermaguncha sotuvga qo‘yilmasligini ma’lum qilgan. Google kompaniyasidan savdoni qayta boshlash uchun mahalliy iqtisodiyotga investitsiya kiritish, komponentlarni Indoneziyada ishlab chiqarish yoki uni mahalliy yetkazib beruvchilardan xarid qilish talab etilmoqda. Samsung va Xiaomi kabi boshqa kompaniyalar avvalroq ushbu talabga javob berish uchun Indoneziyada zavod ochgan.
Hukumat onlayn va oflayn do‘konlarni tekshirib, ular orqali topilgan Google smartfonlarini faolsizlantirishini bildirgan. Shunga qaramay, shaxsiy foydalanish uchun qurilmani mamlakatga olib kirishga ruxsat berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq investitsiya majburiyatlarini bajarmagani sababli mamlakatda iPhone 16 savdosi ham taqiqlangandi. Kompaniya dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar uchun to‘rtta akademiya ochgan bo‘lsa-da, ajratilgan mablag‘ yetarli deb hisoblanmagan.
LiveBarchasi