Indoneziyada 200 dan ortiq bola o‘limiga sabab bo‘lgan dori ishlab chiqaruvchilari qamaldi

Olam

image

Indoneziyada 200 dan ortiq bolaning o‘limiga aloqador bo‘lgan yo‘tal siropi firmasining boshlig‘i va yana uch nafar amaldori qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

“Afi Farma” firmasi ortiqcha miqdorda zaharli moddalar bo‘lgan yo‘tal siroplarini ishlab chiqarishda ayblangan. Kompaniya advokati ular beparvolikni rad etishlarini va firma apellyatsiya berish yoki bermaslikni ko‘rib chiqayotganini aytgandi.

Prokurorlar “Afi Farma” bosh direktori Ariyef Prasetya Harahapni to‘qqiz yilgacha, qolgan ayblanuvchilarni esa yetti yildan qamoq jazosiga hukm qilishni so‘ragan edi. Prokurorning ta’kidlashicha, 2021 yilning oktyabridan 2022 yil fevraliga qadar kompaniya yo‘talga qarshi sirop tayyorlash uchun ishlatiladigan propilen glikolning ikki partiyasini olgan. 

“Bu partiyalarda 96 foizdan 99 foizgacha etilen glikol bor edi”, deydi prokuror. 

Ikkala modda ham erituvchilarga qo‘shimcha sifatida ishlatilishi mumkin. Propilen glikol toksik bo‘lmagan va dori-darmonlar, kosmetika va oziq-ovqatda keng qo‘llaniladigan bo‘lsa-da, etilen glikol zaharli bo‘lib, bo‘yoq, qalam va tormoz suyuqligida ishlatiladi.

Prokurorlarga ko‘ra, kompaniya yo‘tal siropida ishlatiladigan ingrediyentlarni sinovdan o‘tkazmagan va buning o‘rniga yetkazib beruvchining sifat va xavfsizlik sertifikatlariga tayangan.

“Afi Farma”ning advokati Samsul Hidoyatning BBC'ga aytishicha, Indoneziyaning dori vositalarini tartibga soluvchi organi dori ishlab chiqaruvchilardan ingrediyentlarni qattiq sinovdan o‘tkazishni talab qilmagan.

Sharqiy Yavaning Kediri tuman sudi sudyasi to‘rt nafar ayblanuvchini xavfsizlik standartlariga javob bermaydigan farmatsevtika mahsulotlarini qasddan ishlab chiqarishda aybdor deb topgan. Bu holat butun dunyo bo‘ylab zaharlanishdan keyin dori ta’minoti zanjirlari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar kuchaygan bir paytda yuz berdi.

Shunday qilib firma boshlig‘i va yana uch nafar amaldor ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va 1 milliard Indoneziya rupiyasi (63 056 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan.

2022 yildan beri 200 dan ortiq indoneziyalik bolalar, ularning aksariyati besh yoshga to‘lmagan, ifloslangan yo‘tal siropi bilan bog‘liq o‘tkir buyrak jarohati tufayli vafot etdi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindiston va Indoneziyada ishlab chiqarilgan oltita yo‘tal siropi haqida ogohlantirish bergan.

Eslatib o‘tamiz, Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Keyinroq kompaniya dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan, tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya yo'tal siropi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing