Indoneziya isroillik sportchilarga Jahon chempionati uchun viza bermadi

Sport

image

Indoneziya hukumati isroillik sportchilarga Jakartada bo‘lib o‘tadigan gimnastika bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etish uchun viza berishdan bosh tortdi. Mamlakatning huquq va inson huquqlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi vaziri Yusril Ixza Maxendra buni tasdiqladi. Bu haqda “Arabnews” nashri xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumatning bu qarori Indoneziyaning Falastinni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga asoslangan.

“Indoneziya hukumati Isroil erkin va suveren Falastin davlatini tan olmaguncha, u bilan hech qanday aloqada bo‘lmaydi”,  dedi Maxendra.

Gimnastika bo‘yicha Jahon chempionati joriy yilning 19-25 oktyabr kunlari Indoneziyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqada 79 davlatdan 500 dan ortiq sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.

Immigratsiya vaziri Agus Andriantoning so‘zlariga ko‘ra, isroillik sportchilarga viza berilmasligi Indoneziya gimnastika federatsiyasining rasmiy iltimosiga binoan amalga oshirilgan. U bu qarorni tasdiqlagan, biroq qo‘shimcha izoh bermagan.

Indoneziya va Isroil o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqalar mavjud emas. Shu sababli, Isroil fuqarolari mamlakatga faqat alohida ruxsat asosida, qisqa muddatga kira oladi.

Ma’lumot uchun, Indoneziya 2023 yilda Isroilning ishtiroki bilan bog‘liq sabablar tufayli Butunjahon plyaj o‘yinlariga mezbonlikdan voz kechgan, shuningdek, o‘sha yili U-20 futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish huquqidan ham mahrum bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya Jakarta Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing