Imtihondan yiqilgan abituriyentlarga “ikkinchi imkoniyat” beriladi

Jamiyat

image

Oliy ta’lim muassasalariga kira olmagan abituriyentlar uchun vakant o‘rinlarga qayta tanlov o‘tkaziladi. Unda abituriyentlarga kamida beshtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim tashkilotlari departamenti boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov kecha, 18 avgust kuni jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Bildirilishicha, qayta tanlovda tegishli fanlardan imtihon topshirgan va yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ishtirok etishi mumkin. Tanlov oliy ta’lim tashkilotlarining qabul kvotalari doirasida qolgan bo‘sh o‘rinlar uchun o‘tkaziladi. Qayta tanlovni o‘tkazish kelasi haftaga rejalashtirilgan.

Oliy ta’lim tashkilotlari departamenti boshlig‘i Abdusamat Mamanazarovning aytishicha, abituriyentlarga kamida beshta yo‘nalishni qayta tanlash imkoniyati yaratiladi.

“Bizda sodda qilib aytganda “oltinchi yo‘nalish” degan tushuncha bor. Lekin u yerda ham biz kamida beshtagacha yo‘nalish tanlash imkoniyatini yaratamiz. Keyingi haftaga rejalashtirilgan”, deydi Abdusamat Mamanazarov.

Shuningdek, o‘qishga kira olmagan abituriyentlar uchun superkontrakt asosida talaba bo‘lish imkoniyati ham mavjud.

O‘tgan yildan boshlab oliy ta’lim muassasalariga mustaqil ravishda super-kontrakt miqdorini belgilash vakolati berilgan. Kirish balliga 1 balldan 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun super-kontrakt miqdori yetmagan ballga qarab belgilanadi.

Xususan:

  • 1 ball yetmagan bo‘lsa – kontraktning 1,5 baravari;
  • 2 ball yetmagan bo‘lsa – 2 baravari;
  • 3 ball yetmagan bo‘lsa – 2,5 baravari;
  • 4 ball yetmagan bo‘lsa – 3 baravari miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.

56,7 balldan yuqori ball to‘plagan, biroq kirish chizig‘idan 4 ballgacha kam qolgan abituriyentlar uchun esa super-kontrakt miqdorini oliy ta’lim muassasalarining o‘zi belgilaydi. Belgilangan superkontraktni to‘lagan abituriyent talabalikka tavsiya etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilgi qabul jarayonlarida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarning 37,5 foizi test sinovlarida belgilangan eng kam ballni to‘play olmagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing