Imron Xon terrorchilikda ayblandi 

Olam

image

Islomobod politsiyasi Pokistonning sobiq Bosh vaziri Imron Xon va uning “Adolat harakati” partiyasi a’zolarini tartibsizliklar uyushtirgani va politsiya xodimlariga hujum qilganlik uchun terrorizmda aybladi. Bu haqda Pokistonning “Dawn” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 18 mart kuni sobiq Bosh vazir ishtirok etishi kerak bo‘lgan sud binosi yonida “Adolat harakati” tarafdorlari va politsiya xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Tartibsizliklar chog‘ida politsiya tayoq va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, Xon tarafdorlari esa politsiyaga qarata olovli bomba va toshlar uloqtirgan. Oqibatda 25 dan ortiq amaldor tan jarohati olgan, 50 ga yaqin politsiyachi jarohatlangan. Shundan so‘ng, sud majlisi 30 martga qoldirigan.

Shuning uchun Xon, uning yordamchilari va tarafdorlari nafaqat terrorizm, balki tartibsizliklar uyushtirish, hukumat amaldorlarining ishiga to‘sqinlik qilish, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga hujum qilish va hokazolarda ham ayblangan.

Imron Xonga qarshi sud jarayonlari

2022 yil oktyabr oyida Pokiston Saylov komissiyasi Xonni saylovlardan chetlashtirgan va Bosh vazir sifatida daromadlari to‘g‘risida noto‘g‘ri moliyaviy hisobot bergani uchun uni besh yil muddatga davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan. Qaror Xonning sovg‘alarni sotishdan tushgan kamida 36 million Pokiston rupiyini (137,7 ming dollar) o‘zlashtirgani va unga qarshi olib borilgan tergov fonida qabul qilingan. 

OAVga ko‘ra, Imron Xon Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari tomonidan umumiy bozor qiymati 154 million rupiy (1,897 million dollar) bo‘lgan sovg‘a sifatida taqdim etilgan bir nechta qo‘l soatlarini sotishda gumon qilingan. Imron Xon go‘yoki bu sovg‘alarni sezilarli chegirma bilan sotgan, so‘ngra olingan summaning atigi 20 foizini Toshaxon davlat omboriga o‘tkazib, savdodan qolgan pulni o‘zlashtirgan. Pokiston hukumati esa Bosh vazir va xorijiy davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi sovg‘alar almashinuvi mamlakatlararo munosabatlarni aks ettirishini, bunday ma’lumotlarning oshkor etilishi xalqaro munosabatlardagi mamlakat manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin ekanini bildirgan.

2022 yilning noyabriga kelib, Islomobod sudi Xonga hukumat boshchiligida xorijiy davlat rahbarlaridan olingan qimmatbaho sovg‘alarni sotish aybi bilan jinoiy ish ochgan.

Joriy yilning 28 fevralida Pokiston poytaxti sudi sobiq Bosh vazir Imron Xonni doimiy ravishda sud majlislarida ishtirok etmagani sababli hibsga olish to‘g‘risida order bergan. 7 mart kuni Islomobod Oliy sudi sud qarorini to‘xtatib, Xonni 13 mart kuni bo‘lib o‘tadigan sud majlisida shaxsan ishtirok etishini buyurgan. Belgilangan kuni Xon yana sudga kelmagan, buni advokatlar uning sog‘lig‘i yomonligi va Xonning 2022 yil noyabr oyida unga suiqasd uyushtirilishi oqibatida orttirgan “nogironligi” bilan izohlagan. Shu munosabat bilan sobiq Bosh vazirni hibsga olish uchun order yangilangan.

14-15 mart kunlari huquq-tartibot idoralari xodimlari Xonni sud qaroriga asosan hibsga olishga harakat qilgan, biroq ular “Adolat Harakati” partiyasi tarafdorlarining qarshiliklariga duch kelgan, oqibatda 60 dan ortiq politsiyachi jarohat olgan. Shu bilan birga, Xonning Islomoboddagi advokatlari sudyalarni uning hibsga olish orderini sudga o‘zi kelishi sharti bilan yana to‘xtatib turishga ko‘ndirgan.

Ma’lumot uchun, Pokistonning sobiq bosh vaziri 2022 yil 10 aprelda unga bildirilgan ishonchsizlik votumi natijasida lavozimidan chetlatilgan. Bundan oldin Xon o‘z hukumatiga Qo‘shma Shtatlar va mahalliy muxolifat tomonidan tahdid qilinganini aytgan. Sobiq Bosh vazir o‘ziga qarshi siyosiy jarayon xorijdan moliyalashtirilganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Imron Xon Islomoboddagi sud majlisida qatnashish uchun Lahordagi qarorgohini tark etgach, politsiya uning uyiga bostirib kirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Imron Xon Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing