Imomo‘g‘liga prezidentlikka nomzod sifatida ovoz berish boshlandi
Olam
−
23 mart
13321Bugun, 23 mart kuni Turkiyaning Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP)dan prezidentlikka nomzodlik uchun dastlabki saylovda ovoz berish boshlandi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, dastlab saylovda faqat partiya a’zolari ovoz berishiga qaror qilingan. Biroq qaror yagona nomzod sifatida qolgan Istanbul shahri hokimi Ekrem Imomo‘g‘li 19 mart kuni ertalab uyiga uyushtirilgan reydda hibsga olinganidan keyin o‘zgartirilgan. Saylovda barcha fuqarolar ovoz berishlari mumkin.
“Partiya a’zosi bo‘lmaganlar ham “birdamlik” qutisida ovoz berishlari mumkin”, deyiladi xabarda.
Mamlakatning 81 viloyatdagi JXP viloyat va tuman shtablari, shahar madaniyat markazlari va sport zallarida saylov qutilari o‘rnatilgan.
“Ovoz berish joylariga onsecim.chp.org.tr orqali kirish mumkin. A’zo bo‘lmagan fuqarolar ham o‘zlari joylashgan shahar va tumanni tanlab, qayerda ovoz berishlarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
A’zolar uchun ovoz berish bugun, 23 mart kuni ertalab soat 08:00 da boshlangan va 17:00 da tugaydi.
Hibsga olingan bo‘lsada, saylovda yagona nomzod bo‘lib qolgan Ekrem Imomo‘g‘li o‘zining ijtimoiy media sahifasida barchani ovoz berishga chorlagan.
“Barcha partiyadoshlarimni saylov qutisiga taklif qilaman. Qolaversa, butun Turkiya bo‘ylab barcha fuqarolarimiz uchun ham, partiyadoshlarimiz uchun ham saylov qutilari o‘rnatiladi. Barcha fuqarolarimizni bu katta ishtiyoqning bir qismi bo‘lishga chaqiraman”, deyiladi uning xabarida.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi