Imomali Rahmonning nabirasi 9 yoshida Dubaydan hashamatli kvartira sotib olgan

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning nabirasi 9 yoshida Dubaydan dabdabali kvartira sotib olgan. Bu haqda Dubayning ko‘chmas mulk sohasidagi maxfiylikni oshkor qiluvchi “Dubai Unlocked” ma’lumotlar bazasida keltirilgan.

Qaydlar BAA shahridagi hashamatli mulklarga ega bo‘lgan dunyo bo‘ylab yuz minglab odamlarning shaxsini oshkor qiluvchi ma’lumotlarning bir qismi hisoblanadi. Oshkor qilingan ma’lumotlarda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning nabirasi Erajjon Gulov Palm Jumeyra arxipelagida joylashgan 210 kvadrat metrlik kvartirani sotib olish uchun qancha pul to‘lagani keltirilmagan. Ammo kvartiraning kattaligi va Dubaydagi ko‘chmas mulk narxiga asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda turarjoyning qiymati 1,3 million dollardan oshadi.

Dubay Yer departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, u hanuzgacha 18 yoshga to‘lgan Erajjon Gulovga tegishli bo‘lib, har yili ijaradan 55 ming dollar daromad olish uchun foydalaniladi.

Kvartira sotib olingan paytda Gulovning ota-onasining daromadi bunday qimmatbaho mulkni sotib olishga yetgan-yetmagani noma’lum. Onasi Parvina Rahmonova rasman ishlamagan, otasi Ashrafjon Gulov esa Moskvadagi Tojikiston elchixonasining konsullik xizmatlari rahbari bo‘lgan. Shuningdek, u ilgariroq Tojikiston Soliq qo‘mitasining yirik soliq to‘lovchilar bo‘limiga boshchilik qilgan.

Tojikistonda davlat xizmatchilari maoshlari yoki daromadlarini oshkor qilish majburiy emas. Ammo 2022 yilda Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra, davlat xizmatchisining eng yuqori maoshi oyiga atigi 200 dollarni tashkil etgan.

Texas A&M University tadqiqotchisi va Markaziy Osiyo eksperti Edvard Lemonning fikriga ko‘ra, Gulovning diplomatik maoshi Dubayda 1,3 million dollarlik mulk sotib olishga imkon bermagan bo‘lardi.

“Shunga qaramay, 2015 yilda Rahmonova va Gulov o‘rtacha tojiklardan ancha yuqoriroq daromadga ega bo‘lgan. Ashrafjon Gulovning otasi Sherali Gulov 2006-2013 yillarda Tojikiston Energetika va sanoat vaziri lavozimida ishlagan. Parvina Rahmonovaning otasi Imomali Rahmon esa mintaqadagi eng korrupsiyalashgan va nepotizmga asoslangan rejimlardan biri sifatida baholangan hokimiyatni boshqarib kelayotgan edi”, deyiladi xabarda.

Freedom House tashkilotining 2015 yildagi hisobotida Rahmon “nepotizm va klan a’zoligiga asoslangan imkoniyatlar yaratishda davom etayotgani” va “ayniqsa, soliq yoki savdo sohalaridagi davlat lavozimlari juda daromadli ekani” qayd etilgan.

Erajjon Gulov ham, uning ota-onasi ham bu ma’lumotlarga izoh bermagan.

Birlashgan Arab Amirliklarining 1985 yil qabul qilingan qonuniga ko‘ra, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar ko‘chmas mulkka ega bo‘lishlari mumkin, lekin faqat qonuniy vasiyning roziligi bilan.

Ochiq ma’lumotlar bazasida Tanzanite Residence’ni sotib olishda Erajjon Gulovning vasiysi kim bo‘lgani ko‘rsatilmagan. Lekin, Tojikiston diplomatik xizmatlarining sobiq rahbari Suhrob Mirzoaliyevning elektron pochta manzili ko‘chmas mulk bilan bog‘liq ma’lumotlar olish uchun kontakt sifatida ko‘rsatilgan. Biroq u ham ma’lumotlarga izoh bermagan.

Mustaqil notijorat tadqiqot tashkiloti Noria MENA dasturining katta ilmiy xodimi va bosh muharriri Kolin Pauersning aytishicha, voyaga yetmaganlarga mulkni sotishga ruxsat berish Dubay o‘zining ko‘chmas mulk bozoriga kapital oqimini ushlab turish uchun erkin tartibga soluvchi nazoratdan foydalanadigan ko‘plab usullardan biri hisoblanadi.

“Boy oilalar uchun bola nomidan mulkka ega bo‘lish noqonuniy daromadlarni yashirishga yordam beradi yoki aktivlarni tarqatish orqali soliq majburiyatlarini cheklaydi”, deydi Pauers.

Ma’lumot uchun, Prezident Rahmonning ko‘plab oila a’zolari mamlakatda yuqori lavozimlarni egallagan. Qizi Ozoda Prezident ma’muriyati rahbari, boshqa qizi Zarina esa Tojikistonning eng yirik tijorat banki Orienbank’ning boshqaruv kengashi raisining birinchi o‘rinbosari. O‘g‘li Rustam Imomali poytaxt Dushanbe hokimi va parlamentning yuqori palatasi raisi lavozimida ishlamoqda.

Ashrafjon Gulov 2024 yilda BAAga Tojikiston elchisi etib tayinlangan. Uning turmush o‘rtog‘i Parvina Rahmonova esa farmatsevtika sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, davlat buyurtmalari orqali katta daromad oladi. Gulovning Dushanbeda ham bir nechta ko‘chmas mulklari borligi aniqlangan. Shu bilan birga, u diplomat sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Imomali Rahmon Erajjon Gulov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing