Imomali Rahmon zilzilada vayron bo‘lgan uylarni hashar qilib tiklashni buyurdi
Olam
−
18 aprel
4263Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon hukumatga 13-14 aprel kunlari sodir bo‘lgan zilziladan jabr ko‘rgan Rasht va Tojikobod tumanlari aholisiga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda mamlakat rahbari kecha, 17 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘z ochdi.
Ma’lum qilinishicha, maxsus komissiya va hududiy shtablarga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini yakunlab, yetkazilgan zararni hisob-kitob qilish vazifasi qo‘yilgan. Prezident zilzila oqibatida uylari to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgan oilalar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha topshiriq bergan.
“Ushbu shaxslarga bir martalik moddiy yordam to‘lanadi – uning miqdoriga aniqlik kiritilmagan. Bundan tashqari, jabrlanganlarga qurilish materiallari, oziq-ovqat va eng zarur narsalar ajratiladi. Mutasaddilarga qisqa muddatda zilzilabardoshlik me’yorlariga javob beradigan 2 va 4 xonali uylar loyihalarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yig‘ilish davomida uylari shikastlangan aholiga xavfsiz joylarda uy-joy qurish uchun tomorqa yerlari ajratilishi ham aytib o‘tilgan. Vayron bo‘lgan binolarni ta’mirlash bo‘yicha respublika rahbari viloyat hokimiyatiga hashar yo‘li bilan ularni tiklash ishlarini tashkil etishni topshirgan.
Imomali Rahmonning ta’kidlashicha, “Tojiksug‘urta” kompaniyasi Rasht va Tojikobod tumanlari hokimliklari bilan birgalikda zilziladan jabrlanganlarga sug‘urta puli to‘laydi.
Qayd etilishicha, yangi uylarni joriy yilning 1 noyabriga qadar foydalanishga topshirish zarur. Ushbu vazifa va Prezidentning boshqa ko‘rsatmalari ijrosini nazorat qilish Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda zimmasiga yuklatilgan.
Hukumat yig‘ilishida maxsus komissiya a’zolari zilzila oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ma’lumotlarni e’lon qilgan. Tabiiy ofat oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana 16 kishi tan jarohati olgan. 65 ta turarjoy binosi to‘liq, 193 tasi qisman vayron bo‘lgan. Shuningdek, 150 ta uy va 193 ta yordamchi ob’ektga zarar yetgan. Xususan, viloyat shifoxonasi, ikkita tibbiyot punkti, sakkizta maktab va boshqalar ham zararlangan.
Tojikistondagi zilzila
Joriy yilning 13 aprel kuni Tojikistonning Rasht va Tojikobod tumanlarida zilzilalar sodir bo‘ldi. Zilzilaning maksimal kuchi Dushanbedan 160 km uzoqlikda joylashgan epitsentrda 5-6 ballni tashkil etgan. Milliy fanlar akademiyasi Geofizika xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yer silkinishlari soat 09:24 da sodir bo‘lgan. Zilzila epitsentri Dushanbe shahridan 160 km uzoqlikda, Rasht viloyatida joylashgan. Qolaversa, Tojikistondagi ushbu zilzila O‘zbekistonning 7 viloyati va Toshkent shahrida ham sezilgan.
LiveBarchasi