Imomali Rahmon Markaziy Osiyoda energetika komissiyasi tuzishni taklif qildi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) tarkibida Markaziy Osiyodagi energetika masalalarini tartibga solish uchun komissiya tuzishni taklif qildi. Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan OQXJ ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida so‘z ochdi.

“Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini isloh qilish jarayonida energetika masalalari jamg‘arma vakolatiga kiritilgani va bu bo‘yicha alohida komissiya tuzish taklif etilayotgani quvonarlidir”, degan Rahmon. 

Uning qayd etishicha, jamg‘armada suv bo‘yicha komissiya mavjud, biroq energetika masalalarini tartibga soluvchi platforma yo‘q. 

“Ishonchim komilki, bunday platforma mintaqa davlatlarining dolzarb energetika masalalarini hal qilishdagi o‘zaro hamkorlik uchun foydali bo‘ladi. Bu suv va energetika masalalarini bir muassasa doirasida tartibga solish nuqtai nazaridan juda muhim”, deya tushuntirgan Rahmon.

Tojikiston Prezidenti iqlim o‘zgarishi sa’y-harakatlarini birlashtirish kerakligini aytib o‘tgan. 

“Bir necha yil ketma-ket kuzatilayotgan suv yetishmasligi, qurg‘oqchilik, ko‘chkilar nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki umuman ijtimoiy ahvolga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu muammolarga qarshi turish uchun birinchi navbatda suv-energetika sohasida hamkorlik qilish zarur”, deydi u.

Ma’lumot uchun, OQXJ 1993 yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan ekologik inqirozni bartaraf etish va Orol dengizi havzasidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib. Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ushbu jamg‘arma a’zolari hisoblanadi. Qirg‘iziston esa 2016 yilda jamg‘armadagi ishtirokini to‘xtatgan. 2020 yildan buyon Tojikiston OQXJga raislik qilib kelayotgan edi. Ushbu yig‘ilishda jamg‘arma raisligi Qozog‘istonga o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur tadbirda suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muzokaralarga Afg‘onistonni ham jalb etishni taklif qilgandi. Shuningdek, u “Qo‘shtepa” kanali qurilishining barcha jihatlarini xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruh tuzish zarurligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Dushanbe Imomali Rahmon Markaziy Osiyo energetika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing