Tojikiston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Moskvada vafot etdi

Olam

image

Tojikiston bosh vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari, Dushanbening sobiq meri Yuriy Ponosov Moskvada tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etdi. Bu haqda “Regnum” manbasi xabar qildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 83 yoshli Yuriy Ponosov joriy yilning 20 aprel kuni kasal bo‘lib qolgan.

“Tez yordam chaqirishdi, lekin u shifoxonaga ketayotganda vafot etdi. O‘limning dastlabki sababi yurak-qon tomir yetishmovchiligidir”, deydi nashr manbasi.

Yuriy Filimonovich Ponosov 1941 yil 24 martda tug‘ilgan. Tojikistonda taniqli partiya va davlat arbobi bo‘lgan, mamlakat Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti a’zosi, Tojikiston SSR Oliy Kengashi deputati sifatida ham faoliyat olib borgan.

1990 yildan Ponosov Tojikiston SSR Qurilish vaziri bo‘lib ishlagan va respublika mustaqilligini e’lon qilganidan keyin ham o‘z lavozimida qolgan.

1994-1996 yillarda Dushanbe meri bo‘lgan. 1996 yilda Yuriy Filimonovich mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan va u bu lavozimda ikki yil ishlagan. Ammo 1998 yilda u Moskvaga ko‘chib ketgan va u yerda Rossiya Davlat qurilish qo‘mitasida ishlagan.

Mehnatlari uchun u “Shon-sharaf belgisi” ordeni va ikkita medal bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, hozirda Dushanbe meri mamlakat Prezidenti Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Imomalidir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Valeriy Atayev 75 yoshida Moskvada vafot etgandi. U haqidagi to‘liq ma’lumotni quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Dushanbe Yuriy Ponosov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing