Afg‘oniston hududidan bo‘ladigan tahdidlar saqlanib qolmoqda – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Afg‘onistonda iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz chuqurlashib bormoqda va uning hududidan bo‘ladigan xavf-xatar va tahdidlar saqlanib qolmoqda. Bu haqda bugun, 10 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida so‘z ochdi.

O‘zbekiston Prezidentiga ko‘ra, mamlakatlarning xavfsizligi va barqarorligiga nisbatan umumiy xavf-xatar va tahdidlar haqida ko‘p gapirilgan. Tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhim. Bu o‘rinda so‘z hamkorlikni muvofiqlashtirish, axborot almashish va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish haqida bormoqda.

“Hamdo‘stlikning janubiy chegaralari haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatni unutmasligimiz kerak. Ushbu mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz chuqurlashib borayotganini hisobga olsak, uning hududidan bo‘ladigan xavf-xatar va tahdidlar saqlanib qolmoqda. O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman”, deydi Mirziyoyev.

Prezident shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etmoqda.

Qayd etish joiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev mazkur sammitda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi makonida transport bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganini ham aytib o‘tgan edi. Uning bildirishicha, bu barcha turdagi transportlar bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini tashkil etishni taqozo etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev MDH Dushanbe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing