Imomali Rahmon Qozog‘istonga bordi
Olam
−
04 may 2023
6247Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan kelgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni poytaxt aeroportida davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, Ostona aeroportida martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Shundan so‘ng Oqo‘rdaning tantanali marosimlar zalida ham faxriy qorovul saf tortgan va ikki davlat madhiyalari yangragan. Rasmiy uchrashuvdan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tgan.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda esa Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Tojikiston bilan hamkorlikning butun mintaqa uchun muhimligini ta’kidlagan.
“Davlatlarimiz o‘rtasida barcha darajada ishonchli siyosiy muloqot o‘rnatildi. Biz bir qator xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlik qilib, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va xavfsizlikni ta’minlaymiz. Turli sohalardagi 100 dan ortiq shartnomalarni o‘z ichiga olgan mustahkam shartnoma-huquqiy baza yaratilgan. Bugun bu ro‘yxat yangi muhim kelishuvlar bilan to‘ldiriladi”, degan Qosim-Jomart To‘qayev.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston ko‘p yillar davomida Tojikistonning ikkinchi muhim savdo hamkori bo‘lib kelgan. O‘tgan yilning o‘zida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,4 milliard dollarni tashkil etgan.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa “Ittifoqdosh hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya”ni ikki tomonlama aloqalar poydevorini sezilarli darajada mustahkamlovchi tarixiy deklaratsiya, deb atagan.
“Savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlarimizning eng muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Qozog‘iston ko‘p yillardan buyon Tojikiston tashqi savdosi tarkibida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Yillik tovar ayirboshlash hajmini yaqin vaqt ichida 2 milliardga yetkazishga kelishib oldik. Bu vazifa tizimli ravishda amalga oshirilayotgani quvonarlidir. Bugungi kunda Qozog‘iston Tojikistonning savdo hamkorlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. 2023 yil oxirida Qozog‘iston 1-o‘ringa ko‘tarilishi mumkin. Imkoniyatlar juda katta”, degan Imomali Rahmon.
Kecha, 3 may kuni esa Ostonada Qozog‘iston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tgan, unda ishbilarmonlar 1,3 milliard dollarlik shartnomalar imzolagan.
LiveBarchasi