Imomali Rahmon qizini elchilik lavozimiga tayinladi
Olam
−
16 dekabr 2021
15014Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon o‘zining qizlaridan biri Ruxshona Imomalini Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchi etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi.
Ruxshona Imomalining tayinlanishi haqidagi farmon matni kecha, 15 dekabr kuni kechqurun Tojikiston Prezidentining rasmiy saytida boshqa tayinlovlar bilan birga e’lon qilindi.
Bu lavozimda Ruxshona Imomali Masud Xalifazoda o‘rnini egalladi. Farmonda Xalifazoda “boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan” elchi lavozimidan chetlashtirilgani aytilgan.
Ruxshona Imomali Tojikiston Prezidentining yetti qizidan biri bo‘lib, u mamlakat Tashqi ishlar vazirligida ishlagan va bungacha vazirlikning xalqaro tashkilotlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ruxshona Imomali taniqli “Faroz” shirkati egasi Shamsullo Sohibovning rafiqasi hisoblanadi. U avval Tojikistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida ishlagan. Londonda Ruxshona turmush o‘rtog‘i, Tojikistonning Buyuk Britaniyadagi savdo vakili Shamsullo Sohibov bilan yashagan.
2017 yilda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Ruxshona Imomali muallifligidagi “Diplomatik xizmat asoslari” kitobi chiqqani haqida xabar bergandi.