Rahmon o‘zbekzabon aholi uchun o‘zbekcha maktablar qurishni buyurdi
Olam
−
14 avgust 1337 2 daqiqa
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Tursunzoda shahriga amaliy tashrifi davomida ta’lim sohasidagi respublika va shahar organlarining mas’ul vakillariga Tursunzoda shahrining o‘zbekzabon aholisi uchun o‘zbek tilida ta’lim beradigan ta’lim muassasalarini qurish hamda ularni ona tilidagi darsliklar va boshqa o‘quv materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda “Xovar” xabar berdi.
Rahmon Tursunzoda shahridagi 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ochilish marosimida bajarilgan qurilish ishlari sifatini yuqori baholagan hamda mas’ul shaxslar va pedagoglarni ta’lim va tarbiya darajasi va sifatini oshirishda yanada katta mas’uliyat ko‘rsatishga chaqirgan.
Rahmonning Tursunzoda shahriga amaliy tashrifi davomida jami 60 ta ob’ekt, jumladan, ikki smenada 18 200 o‘quvchiga mo‘ljallangan 20 ta umumta’lim muassasasi, 950 bola uchun 5 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, 4 ta sanoat korxonasi, 1 ta turizm ob’ekti, 5 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti, 6 ta sport maydonchasi, umumiy sig‘imi 5 300 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan 3 ta zamonaviy sovutgich majmuasi, 9 ta ko‘p qavatli turar joy binosi, ma’muriy va madaniy binolar, Davlat bayrog‘i maydoni va Madaniyat va hordiq parki foydalanishga topshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Tursunzoda shahrida 132 ta umumta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda, ularda 78 863 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim va tarbiya olmoqda.
Qayd etilishicha, Tojikiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Tursunzoda shahrida 24 ta ta’lim muassasasini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar ulardan umumiy sig‘imi 8 185 o‘rinli 19 ta o‘quv binosi foydalanishga topshirib bo‘lingan.
Live
Barchasi