Imomali Rahmon Qirg‘izistondan Tojikistonga qaytdi
Olam
−
28 iyul 2019
4349Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bugun, 28 iyul kuni amaliy tashrifini yakunlab, Qirg‘izistondan Tojikistonga uchib ketdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov Issiqko‘l xalqaro aeroportida Imomoli Rahmonni kuzatib qoldi.
Tojikistonning Isfara shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng, davlat rahbarlari muzokaralarni Issiqko‘l viloyati Cho‘lpon ota shahrida davom ettirdilar.
Unda ikki tomonlama hamkorlikning barcha masalalari, shu jumladan davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni muhokama qilindi.
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Qirg‘iziston chegarasini joriy yilning 26 iyul kuni xatlagandi. Prezidentlar ikki davlat chegarasi kesishgan joyda uchrashdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida qurolli mojaro yuz bergandi. Oqibatda besh kishi jabrlandi.
Mojaroga Tojikistonning Vorux qishlog‘i aholisi o‘z qishloqlariga kiraverishda flagshtok o‘rnatishi sabab bo‘ldi.
Qirg‘izistonning Oqsoy qishlog‘i aholisi flagshtok o‘rnatilishiga qarshi bo‘lgan. Ikki o‘rtada dahanaki jang boshlangan. Natijada tomonlardan biri qurol ishlatgan.
Voqeadan keyin Tojikistonning Isfara shahri va Vorux anklavini bog‘lovchi avtotrassa yopib qo‘yildi.
Tojik tomonning ma’lum qilishicha, chegaradagi mojaroda 16 tojik jabrlandi, militsiyaning bir xodimi og‘ir yaralandi.
LiveBarchasi