Imomali Rahmon Qatarga bordi
Olam
−
15 Sentabr 5663 2 daqiqa
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bugun, 15 sentyabr kuni amaliy tashrif bilan Dohaga tashrif buyurdi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rahmon u yerda Islom hamkorlik tashkiloti va arab mamlakatlari davlat rahbarlarining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etadi. Doha xalqaro aeroportida uni Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, Mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdulrahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tojikiston TIV xabariga ko‘ra, bir kun avval, 14 sentyabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 9 sentyabrdagi Isroil havo hujumidan so‘ng Qatar tashabbusi bilan tashkil etilgan Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida ishtirok etdi. Ishtirokchilar Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi va bo‘lajak sammit kun tartibini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Isroilning Dohaga qilgan hujumidan so‘ng, 11 sentyabr kuni Qatar Arab va Islom mamlakatlarining favqulodda sammitini chaqirdi. Qatar Bosh vazirining maslahatchisi Majid bin Muhammad Al Ansoriy Isroil harakatlarini qoralash kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishini tasdiqladi. Sammitni shunday qisqa vaqt ichida tashkil etish so‘nggi fojiali voqealar fonida Qatar hamda Arab va Islom birdamligini namoyish etish ekani aytilmoqda. Dohada bo‘lib o‘tadigan sammit Isroilning Qatar hududiga so‘nggi havo hujumlarini qat’iy qoralagan rezolyutsiyani qabul qilishga qaratilgan. Shuningdek, mamlakatlar Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini to‘xtatish, Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash to‘g‘risidagi hujjatni kiritish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha, 14 sentyabr kuni Dohada Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi qo‘shma favqulodda sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etgandi.
Live
Barchasi