Imomali Rahmon ham bir qator rahbarlarni ishdan oldi
Olam
−
09:42
6061Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kecha, 21 yanvar kuni hukumat, sudlar va boshqa idoralarda bir qator kadrlar o‘zgarishini amalga oshirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Respublika hukumatiga qarashli bir qator vazirlik va qo‘mitalar rahbarlari pensiya yoshiga yetgani munosabati bilan lavozimlaridan ozod qilindi. Ularning o‘rniga esa yosh, tajribali, malakali va tillarni biladigan kadrlar tayinlandi”, deyiladi xabarda.
Jumladan, Mehnat, migratsiya va aholini ish bilan ta’minlash vaziri Gulnora Hasanzoda pensiyaga chiqishi sababli lavozimidan ozod qilingan. Uning o‘rniga Soliha Holmuhammadzoda tayinlangan. U 49 yoshda, 1998 yilda akademik M.Osimiy nomidagi Tojik texnika universitetini muhandis-texnolog-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha, 2002 yilda esa Tojikiston milliy universitetini huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. So‘nggi vaqtlarda Tojikiston Xalq demokratik partiyasidan deputat bo‘lgan.
Xavfsizlik kengashi kotibi Nasrullo Mahmudzoda boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan. Uning o‘rniga tayinlanadigan shaxs hali ochiqlanmagan.
63 yoshli Shermuhammad Shohiyon Tojikiston Oliy sudi raisi lavozimidan bo‘shatilgan. Uning o‘rniga 50 yoshli Rustam Mirzozoda tayinlanadi, hozirda u Oliy xo‘jalik sudini boshqarib kelmoqda.
Favqulodda holatlar qo‘mitasi raisi Rustam Nazarzoda pensiyaga chiqishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Rahmonali Rajabali tayinlangan. U 2013 yildan buyon Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – Davlat chegara qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimida ishlagan. Endilikda Chegara qo‘shinlariga Murodali Rajabzoda – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.
21 yanvar kuni Rahmon tomonidan Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi, Televideniye va radio qo‘mitasi, shuningdek, unga qarashli qator idoralar, davlat xizmati agentligi, ijtimoiy ta’minot va pensiyalar, ijro xizmati, Davlat tibbiyot universiteti, Jismoniy tarbiya instituti, Davlat tasviriy san’at va dizayn instituti kabi muassasalar rahbariyati bo‘yicha jami 40 ta farmon, qaror va buyruqlar imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Azamat Yesqarayevni Adliya vaziri lavozimidan ozod qilib, uning o‘rniga Yerlan Sarsembayevni tayinlagandi.
LiveBarchasi