Ilon Mask Trampni Twitter’ga qaytarmoqchi

Olam

image

Amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Mask Amerika Qo‘shma Shatatlarining sobiq Prezidenti Donald Trampning Twitter’dagi akkaunti bloklanishini “xato” deb atadi va sobiq Prezidentga ijtimoiy tarmoqqa kirish huquqini qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Menimcha, Donald Trampni taqiqlash xato bo‘ldi, chunki bu ko‘pchilikni tarmoqdan begonalashtirdi va yakunda Donald Trampni o‘z fikrini bildirish huquqidan mahrum qildi. Men butunlay blokirovka qilish haqidagi qarorni bekor qilgan bo‘lardim, ammo Twitter hozircha menga tegishli emas, shuning uchun bu albatta sodir bo‘ladi, deb aytolmayman”, deydi Ilon Mask.

Milliarderning qayd etishicha, u va Twitter asoschisi Jek Dorsi doimiy taqiqni “kamdan-kam hollarda” faqat bot va spam-akkauntlarga nisbatan qo‘llash kerak degan fikrda.

Avvalroq, Tramp bloklangan akkauntni tiklash taklif qilingan taqdirda ham Twitter’ga qaytmasligini aytgan edi, sobiq Prezident o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘idan foydalanish niyatida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 aprel kuni Twitter rahbarlari Ilon Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo‘yicha 44 milliard dollarlik taklifini qabul qilganini e’lon qildi. AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga ko‘ra, milliarder kelishuvni bekor qilishga qaror qilsa, u Twitter’ga 1 milliard dollar jarima to‘lashi kerak. Bitimning yakuniy sanasi 2022 yil 24 oktyabrga belgilangan.

Ilon Mask o‘zini “erkin so‘z absolyutisti” deya ta’riflaydi. U bir necha bor Twitter’ning moderatsiya siyosatini tanqid qilgan va bu platforma haqiqiy so‘z erkinligiga xizmat qilishi kerakligini aytgan. Twitter bilan erishgan kelishuvi ortidan chiqargan bayonotida u so‘z erkinligini “faol demokratiyaning asosi” deb atadi.

Ma’lumot uchun, Twitter ma’muriyati 2021 yil Tramp tarafdorlari mamlakat poytaxti Vashingtondagi Kapitoliy oldida namoyish uyushtirib, Kongress binosiga bostirib kirgandan so‘ng “zo‘ravonlikni yanada qo‘zg‘atish xavfi tufayli” Trampning akkauntini bloklab qo‘ygandi. Shundan so‘ng, Trampning saylovoldi shtabi akkaunti ham bloklandi.

Shuningdek, uning Facebook, Instagram, Twitch, Snapchat’dagi sahifalari ham bloklangan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ilon Mask

Baholaganlar

48

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing