Ilon Mask foydalanuvchidan @X akkauntini tortib oldi
Olam
−
27 iyul 2023
8448Ilon Mask Twitter'da @X foydalanuvchi nomini egasiga pul to‘lamasdan olib qo‘ydi. Bu haqda “RBK” nashri xabar berdi.
X niki ostidagi ushbu hisob 2007 yildan beri San-Fransiskolik fotograf Jin Xvangga tegishli edi. Ijtimoiy tarmoq rebrendingni boshlanganida, u foydalanuvchi nomini sotib olish taklifi bilan murojaat qilishlarini kutgan. Ammo fotograf 25 iyul kuni kechqurun uning akkaunti kompaniya mulkiga aylanayotgani haqida elektron xat olgan. Twitter Xvangning akkauntini yangi @x12345678998765 niki bilan almashtirdi.
Xvangning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga unga pul emas X Corp tovarlari va kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv taklif qilingan. Shu bilan birga, hech qanday moliyaviy mukofot va’da qilinmagan. Fotograf esa buni rad etgan.
“Agar menga murojaat qilishganda, men uni sotgan bo‘lardim ”, — deydi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq ishga tushirilganining dastlabki oylarida yaratilgan bir harfli Twitter akkauntlari servisdagi eng qimmatbaholari hisoblanadi. Masalan, @n foydalanuvchisi unga akkaunt uchun 50 000 dollar taklif qilinganini aytgan.
Twitter foydalanuvchilari akkauntlar uchun qonuniy huquqlarga ega emas, biroq kompaniya siyosatiga ko‘ra, ular mualliflik huquqi buzilgan taqdirda olib qo‘yilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Mask o‘z qo‘l ostidagi barcha loyiha va bizneslarini X nomi ostida birlashtiryapti. Kuni kecha ushbu ro‘yxatga Twitter ham qo‘shildi.
Shuningdek, u Twitter logotipidagi an’anaviy qushdan ham voz kechganini e’lon qildi.
LiveBarchasi