Ilon xato qildi – Maskning otasi

Olam

image

Mashhur milliarder Ilon Maskning otasi Errol Mask o‘g‘li charchagani sababli AQSH Prezidenti Donald Trampga qarshi xato fikrlar aytganini bildirdi. Bu haqda u kecha, 8 iyun kuni Rossiyaning Sargrad instituti ishtirokida Moskvada tashkil etilgan “Kelajak forumi 2050” anjumanida qatnashishi oldidan ma’lum qildi.

“Tramp g‘alaba qozonadi – u Prezident. U Prezident etib saylangan. Ilon esa xato qildi, deb o‘ylayman. U charchagan, stressda. Besh oy davomida tinimsiz stress ostida yashadi”, degan Ilon Maskning otasi. 

Errol Maskning so‘zlariga ko‘ra, Ilon hozir Oq uy bilan bog‘liq travmatik holat sababli stress holatiga tushgan. Shunga qaramay, u mojaro yaqin orada tugashiga ishonishini aytgan.

Mask va Tramp o‘rtasidagi mojaro

Joriy yilning iyun oyida Ilon Mask bilan AQSH Prezidenti o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy tortishuv yuz berdi. Mask Trampning soliq imtiyozlariga oid qonun loyihasi va tarif siyosatini tanqid qildi. Prezident esa byudjetdan “milliardlab dollar” tejashning eng oson yo‘li – bu Mask kompaniyalari bilan davlat subsidiyalari va shartnomalarni to‘xtatish, deb javob berdi.Trampning aytishicha, Maskning noroziligi aslida elektromobillar uchun berilayotgan davlat subsidiyalarining kamayishi bilan bog‘liq.

Bu holat dunyoning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan Maskning g‘azabiga sabab bo‘ldi. U bir necha soat ichida X ijtimoiy tarmog‘ida qonun loyihasiga qarshi bir nechta postlar e’lon qildi va Trampning subsidiyalar haqidagi so‘zlarini “ochiq yolg‘on” deb atadi.

“Agar men bo‘lmaganimda, Tramp saylovda yutqazgan bo‘lardi. Demokratlar Vakillar palatasini nazorat qilardi, respublikachilar esa Senatda 51ga 49 hisobida ustunlikka ega bo‘lardi. Bu qanday noshukrlik”, deya yozgandi Mask. 

Tramp esa o‘zining Truth Social platformasida yana subsidiyalar masalasini ko‘tardi va “Ilon aqldan ozdi”, deya yozdi. 

Shunga javoban, Mask endi qonun loyihasini emas, balki Trampning o‘zini tanqid qilishga o‘tdi. U Tramp Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq hujjatlarda tilga olinganini yozdi. Mask X ijtimoiy tarmog‘ida Trampning 1992 yilda Epshteynning qizlar bilan o‘tkazgan ziyofatlaridan biridagi videosini repost qildi.

Mask, shuningdek, AQSHda yangi siyosiy partiya tuzish taklifini ilgari surdi va X ijtimoiy tarmog‘ida so‘rovnoma o‘tkazdi. 2,5 milliondan ortiq foydalanuvchining 80 foizdan ziyodi bu fikrni qo‘llab-quvvatladi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ilon Mask Errol Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing