Illinoys shtatida Trampning saylovda qatnashishi taqiqlandi
Olam
−
29 fevral
4404AQSHning Illinoys shtati sudi sobiq prezident Donald Trampni Respublikachilar partiyasining boshlang‘ich saylovida qatnashishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida qaror chiqardi. Bu haqda kecha, 28 fevral kuni CNN xabar berdi.
Sudya qarori AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 14-tuzatishning 3-bo‘limi asosida qabul qilingan. Unda aytilishicha, sodiqlikka qasamyod qilib, “keyin Qo‘shma Shtatlarga qarshi qo‘zg‘olonda qatnashgan yoki uning dushmanlariga yordam ko‘rsatgan” shaxs davlat xizmatida biron bir lavozimni egallashi mumkin emas.
Sudya ushbu qaror ijrosini juma kuniga qoldirdi. Bungacha Tramp qaror ustidan apellyatsiya berishi kutilmoqda.
Yanvar oyi boshida Illinoys shtati saylov kengashi sobiq prezidentni mahalliy praymerizlarda saylov byulletenidan chetlatish to‘g‘risidagi da’voni bir ovozdan rad etgan. Saylov komissiyasining barcha sakkiz a’zosi bunday qilish vakolatiga ega emas, degan xulosaga keldi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning 6 yanvarida o‘sha paytda Amerika yetakchisi bo‘lgan Trampning tarafdorlari 2020 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalarini sertifikatlashdan o‘tishiga to‘sqinlik qilish maqsadida AQSH Kongressi binosiga bostirib kirdi. Saylovlarda demokrat Jo Bayden g‘alaba qozongandi. Bino ichidagi tartibsizliklar vaqtida politsiya qurol ishlatgani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp Michigan shtatidagi praymerizda g‘alaba qozongandi.
LiveBarchasi