Ilk ayol prezident: Peruda o‘n yilda beshinchi marta hukumat almashdi (video)
Olam
−
10:43 1076 2 daqiqa
Bugun, 29 iyul kuni Peruda Keyko Fuximori prezident sifatida qasamyod qildi va shu bilan mamlakatda ilk bor ayol davlat rahbari lavozimni egalladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 51 yoshli Keyko Fuximori iyun oyidagi prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonib, mamlakatning eng ta’sirli va bahsli siyosiy sulolalaridan birini hokimiyatga qaytargan. U marosimdagi ilk nutqida mamlakatni birlashtirish, iqtisodiyotni tiklash va xavfsizlikni mustahkamlash ustuvor vazifalar bo‘lishini ta’kidlagan.
“Men hokimiyatni boshqarish uchun zarur qat’iyat bilan birga xalqimizning dardini tinglash va yaralarini davolash uchun zarur hassoslik bilan ish boshlayapman”, degan Fuximori.
Uning aytishicha, Peru jinoyatchilik, iqtisodiy qiyinchiliklar va davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchning pasayishi oqibatida og‘ir holatda qolgan.
Keyko Fuximori 2016 yildan buyon Peruning o‘ninchi prezidenti bo‘ldi. So‘nggi o‘n yillikda mamlakatda biror prezident to‘liq besh yillik vakolat muddatini yakunlay olmagan.
Fuximori o‘z hukumati AQSH bilan hamkorlikni kengaytirishga intilishini bildirgan. U Peru AQSH Prezidenti Donald Tramp taklif qilgan transmilliy jinoyatchilikka qarshi qaratilgan “Amerika qalqoni” tashabbusiga qo‘shilishi mumkinligini ham aytgan.
Ma’lum qilinishicha, qasamyod marosimida AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, Argentina Prezidenti Xaver Miley hamda boshqa xorijiy rasmiylar ishtirok etgan. Shuningdek, Prezident yangi hukumat tarkibini ham tasdiqlagan. Iqtisodiyot vaziri etib Elmer Kuba, tashqi ishlar vaziri etib esa Karlos Espa tayinlangan. Energetika va konchilik vazirligiga Gilermo Shinno rahbar bo‘lgan.
Saylovda Fuximori so‘l qanot siyosatchisi Roberto Sanchesni kichik farq bilan mag‘lub etgan. Sanches saylov natijalari yuzasidan asossiz ravishda soxtalashtirish haqida da’volar bildirgan va muxolifatga boshchilik qilishini ma’lum qilgan.
Mutaxassislar fikricha, mamlakat parlamenti parchalangan tarkibga ega bo‘lgani sababli Fuximoriga qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish oson kechmaydi.
Ma’lumot uchun, Peru dunyodagi uchinchi yirik mis ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi. Mamlakat Markaziy banki 2026 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini 3,4 foizga oshirgan bo‘lsa-da, may oyida baliqchilik sohasidagi pasayish va qishloq xo‘jaligi eksportining qisqarishi iqtisodiyotning iqlim omillariga hali ham sezgirligini ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 fevral kuni Peru Kongressi prezident Xose Xeriga nisbatan ishonchsizlik votumini e’lon qilgandi. Bunga 2025 yil dekabrida davlat rahbarining rasmiy jadvalga kiritilmagan holda xitoylik tadbirkorlar bilan uchrashuvlari sabab bo‘lgandi.
Live
Barchasi